Koronavirus qurbonlari soni 1800 ga yaqinlashdi
Olam
−
17 fevral 2020
6323Bugun, 17 fevral kuniga kelib, COVID-19 koronavirusidan kasallanganlar soni 2053 nafarga ko‘payib, 71 334 nafarga yetdi. Xususan, Xitoyda bemorlar soni 2050 nafarga ortib, 70 550 ga yetdi.
Koronavirusdan davolanganlar soni 11 008 nafarni tashkil qilyapti. 11 298 nafar bemorning ahvoli og‘ir deb baholanyatpi. Ular jami kasallarning 19 foizini tashkil etadi.
Koronavirusdan halok bo‘lganlar soni 1775 nafarga yetdi. Avval Xitoydan tashqari Yaponiya, Gonkong, Filippin va Fransiyada koronavirusdan o‘lim qayd etilgan bo‘lsa, kecha bu ro‘yxatga Tayvan ham qo‘shildi.
Xitoyning Chjetszyan provinsiyasida COVID-19 virusiga qarshi kurashda samarali bo‘lishi kutilayotgan Favipiravir yoki Avigan dori vositalarini keng miqyosda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 28 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya va Misrda aniqlandi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi