Koronavirus qurbonlari soni 118 nafarga ko‘paydi. Virus Eronga yetib bordi
Olam
−
21 fevral 2020
9017Xitoyda paydo bo‘lgan 2019-nCoV koronavirusi bilan kasallanganlar soni ortishda davom etyapti. Bugun, 21 fevral holatiga 76 738 kishi koronavirusga chalingan. Shundan, 74 465 bemor Xitoyning materik qismida aniqlangan.
Virusga chalinganlarning 18 561 nafari davolangan. 12 065 nafar bemor og‘ir ahvolda qolyapti.
2019-nCoV koronavirusidan halok bo‘lganlar 2247 nafarga yetdi. O‘lganlar soni bir kunda 118 nafarga ko‘paydi. Eronda ikki kishi koronavirusdan vafot etdi. Shu vaqtgacha Eronda koronavirus aniqlangani haqida ma’lumot yo‘q edi.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 29 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Misr va Eronda aniqlandi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi