Koronavirus qurbonlari 2,7 mingdan oshdi. Virus yana ikki arab davlatiga kirdi
Olam
−
25 fevral 2020
7177Bugun, 25 fevral kuniga kelib, Xitoyda payda bo‘lgan COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni 80 150 nafarga yetdi.
Koronavirusdan davolanganlar soni 27 626 nafarni tashkil qilyapti. Bemorlarning 18 foizi yoki 9214 nafari og‘ir ahvolda qolyapti.
2019-nCoV virusidan halok bo‘lganlar 2701 nafarga yetdi. Virus qurbonlari soni bo‘yicha Eron (12 kishi) Xitoydan keyingi o‘ringa chiqib oldi. Shuningdek, Diamond Princess kemasida virusga chalingan bemorlarning yana ikki nafari vafot etib, umumiy 4 nafarga yetdi.
Koronavirus Eronga kirgach, uning atrofidagi davlatlarga tezda tarqala boshladi. Kecha Bahrayn, Afg‘oniston, Iroqqa yetib borgan koronavirus bugun Quvayt va Ummon sultonligida ham aniqlandi. Ozayrbayjonda esa ikki kishi ayni virus xavfi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 36 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil, Iroq, Bahrayn, Afg‘oniston, Quvayt vaUmmonda aniqlandi.
Virusdan bugungacha 2619 kishi halok bo‘ldi, 79 561 kishi u bilan kasallandi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi