Koronavirus: qurbonlar va kasallanganlar soni keskin ko‘paydi

Olam

image

Bugun, 13 fevral holatiga Xitoyda paydo bo‘lgan yangi koronavirus qurbonlari soni 1368 nafarga yetib, kechagiga nisbatan 253 nafarga ko‘paydi. Qurbonlarning faqatgina ikki nafari Xitoydan tashqarida vafot etgan.

Dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 15 139 nafarga ortib, 60310 nafarga yetdi. Bemorlarning 59 786 nafari Xitoyda qayd etilgan. Qolganlari dunyoning 27 davlatida aniqlangan.

Koronavirusdan davolanganlar soni 5963 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich kecha 4794 nafarga teng edi. Bemorlarning 8243 nafarining (14 foiz) ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.

Bunday farq tashxis qo‘yishning yangi usuli qo‘llanayotgani bilan tushuntirilgan. Jumladan, kasallanish holatlarining diagnostik tasniflanishiga “klinik tashxis” qo‘shilgan. Xitoylik mutaxassislarning fikricha, bu bemorlarga “kasallikning erta davridayoq davo olish imkonini beradi” va shu sababli ko‘rilayotgan choralar samaradorligini oshiradi.

13 fevraldan koronavirusga chalinganlikka gumon qilinayotganlar aniqroq natija beradigan yangi usul bilan tekshirila boshlanadi.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 27 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya va Belgiyada aniqlandi.

JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.

Yangi koronavirusga Novel Coronavirus Pneumonia (NCP) nomi berildi. U bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy virus

Baholaganlar

220

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing