Koronavirus bemorlarini davolovchi yangi shifoxonadan maxsus reportaj (video)
Jamiyat
−
04 iyul 2020
13171Koronavirus pandemiyasi butun dunyoga tarqalib, insonlar hayotiga katta xavf tug‘dirmoqda. Ayni vaqtda O‘zbekistonda ushbu kasalikka chalinganlar 9611 nafarni tashkil etmoqda. 6306 kishi ushbu kasallikni yengib o‘tgan.
O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga harakat qilinmoqda. O‘tgan oz muddat ichida Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi shifoxonaning qurilishi boshlanib, uning bir qismi bitirildi. Joriy yilning 6 iyul kuni shifoxonaning 1000 o‘ringa mo‘ljallangan birinchi binosi foydalanishga topshiriladi. QALAMPIR.UZ ushbu shifoxonada bo‘lib, sharoitlar bilan tanishdi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan. Lekin 4 ming o‘ringacha transformatsiya qilish imkoniyati bor.
Shifoxona loyihasining umumiy qiymati 504 milliard so‘m bo‘lib, 33 gektarda 2 ta kompleks qurilmoqda. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan.
Xususan, statsionar joylarning hammasi bokslangan, har bir xona avtonom. Biridagi havo boshqasiga o‘tmaydi. Ularga kirib-chiqish ham, xizmat ko‘rsatish ham alohida. Kasallar kelgach, qabul bo‘limidan tambur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z palatasiga joylashtiriladi.
Barcha korpuslar, bo‘linmalar toza va notoza yo‘laklar bilan ajratilgan. Toza yo‘lakdan faqat tibbiy personal o‘z vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chog‘ida sanitar o‘tkazgichlar orqali o‘tadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq bo‘lganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.
72 o‘rinli reanimatsiya bo‘limida har bir koyka sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu bo‘limni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yo‘nalishlar bo‘yicha jihozlash ham mumkin.
Jarrohlik zallariga havo tepadan beriladi va yon tomonlardan so‘riladi. Natijada doimiy sterillik ta’minlanadi.
Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya bo‘yicha eng ilg‘or apparatlar o‘rnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda o‘rtacha 40 kishiga tashxis qo‘ysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega. Ko‘rpa-to‘shak va matolar yuvilib, boshqa buyumlar bug‘ yordamida dezinfeksiya qilinadi.
LiveBarchasi