Koronavirus haqida vahimali xabar tarqatgan ichki ishlar xodimi bo‘shatildi

Jamiyat

image

Namangan viloyatida ichki ishlar organlarida xizmat qiluvchi xodim messenjer orqali asossiz, aholi o‘rtasida vahima keltirib chiqaradigan xabar jo‘natgani uchun vazifasidan ozod qilindi. Bu haqda Namangan viloyati IIB ma’lum qildi.

Joriy yilning 12 aprel kuni IIO xodimining ko‘pchilikda salbiy fikr va e’tirozlar uyg‘otgan  videotasviri ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Namangan viloyati IIB O‘XB tomonidan mazkur holatni o‘rganish mobaynida 11 aprel kuni Namangan shahar Xalq bankida ishlovchi fuqaro koronavirus pandemiyasi bo‘yicha topshirgan tahlil natijalariga ko‘ra unda mazkur virus alomatlari bor deya gumon qilingan edi, bank xodimi 1 apreldan 11 aprelga qadar Namangan shahrining 6 ta mahallasida istiqomat qiluvchi nafaqa oluvchilarga pul tarqatganligi bois, ushbu hududlarda infeksiya tarqalishini oldini olish maqsadida shahar IIO FMB xodimlaridan iborat 6 ta guruh tuzilib, nafaqa olgan fuqarolarni xonadonlarini karantin nazoratiga olish, ularga tushuntirish ishlari olib borish bo‘yicha amaliy ish tashkil etilgan.

Biroq ushbu tadbirga jalb etilgan Namangan shahar bo‘yicha IIO FMB 4-son IIB xodimi o‘zi biriktirilgan shtabda tibbiy kiyim va tibbiy niqobda turgan holatida o‘zini guruh a’zolari bilan birga videotasvirga olib, tasvir davomida Namangan viloyati hududida karantin holati e’lon qilinganligini bila turib, aholi orasida vahima chiqaruvchi hamda bank xodimiga nisbatan obro‘sizlantiruvchi va asossiz ma’lumotlarni so‘zlab, jami 39 soniyali videotasvirni Telegram messenjeri orqali tanishiga yuborgan. 

Aniqlangan holat yuzasidan viloyat IIB O‘HB tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi hulosasiga ko‘ra, ushbu xodim “Ichki ishlar organlarida xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablarining 144-bandi “i”, “k” kichik bandlariga muvofiq xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzganligi hamda ichki ishlar organi xodimining sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi uchun IIO xizmatidan bo‘shatildi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

212

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing