Koreyalik ayol 15 yilda 400 ta plastik operatsiya o‘tkazdi
Olam
−
20 Oktabr 2025 7694 2 daqiqa
Janubiy Koreyada yashovchi Gil Li Von ismli ayol 400 ga yaqin kosmetik muolajalar uchun so‘nggi 15 yil ichida 300 million von (taxminan 210 ming dollar) sarfladi. Bu haqda u tvN STORY telekanalidagi shouda gapirdi.
Gil Li Von shouda ishtirok etar ekan, 2010 yilda birinchi marta plastik jarrohlik amaliyotini o‘tkazgani va shundan beri ortga qaramaganini aytib o‘tgan. U kollej imtihonlariga tayyorlanish davrida semira boshlagan va atrofdagilar uning qomatini masxara qilgan. Keyinchalik uning sobiq sevgilisi tashqi ko‘rinishini tanqid qila boshlagan va bu Gilni jarrohga murojaat qilishga undagan. Ayol birinchi muolajasi tafsilotlarini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, bu uning uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lgan, chunki u shundan keyin yuzlab protseduralarni amalga oshirgan.
Vonning aytishicha, 27 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan davrda uning yigitlaridan biri tashqi ko‘rinishini muntazam tanqid qilib kelgan va bu uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi hamda hurmatini pasaytirgan. Shu sababli, ayol o‘z qiyofasini keskin o‘zgartirishga qaror qilgan. Hozirda u plastik jarrohlik amaliyotlaridan afsuslanmasligini, aksincha, hozirgi tashqi ko‘rinishidan mamnunligini va o‘ziga bo‘lgan ishonchi tiklanganini ta’kidlaydi.
Gil so‘nggi 15 yil davomida o‘tkazgan ko‘plab kosmetik muolajalar haqida so‘z yuritar ekan, peshonaga yog‘ ko‘chirish, quloq shaklini tuzatish, ikki qovoq jarrohligi, ko‘z konturini korreksiya qilish, burun plastikasi (rinoplastika), filtrum qismini qisqartirish, iyak va yuz konturini shakllantirish, yelka qismini to‘ldirish, bo‘rtma va bo‘laklarni bartaraf etish, bo‘yin terisidagi ortiqcha yog‘ni olib tashlash, dumba akupunkturasi, butun tana liposaksiyasi, tomir hujayralari ineksiyalari hamda turli xil teri muolajalaridan o‘tganini eslab o‘tadi.
“Agar kosmetik muolajalar va dermatolog ko‘riklarini ham hisoblasangiz, men jami 400 ga yaqin protseduradan o‘tdim. Bularning barchasi vaqt o‘tishi bilan to‘planib bordi”, deydi Gil.
Malumotlarga ko‘ra, u hali ham o‘zgartirmoqchi bo‘lgan ayrim jihatlarni o‘ylab yursa-da, liposaksiya bo‘yicha mutaxassisi unga haddan tashqari oshirib yubormaslikni va mavjud qomatini saqlashga e’tibor qaratishni maslahat bergach, bu tavsiyaga quloq tutishga qaror qilgan. Shunga qaramay, Gil yangi tashqi ko‘rinishini saqlab qolish uchun deyarli har kuni dermatolog va klinikalarga muntazam ravishda borishni davom ettirmoqda.
Mohichehra Qadamova