Koreyada o‘zbekistonlik ayol osib o‘ldirildi(mi?)
3-sahifa
−
11 aprel 15334 3 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Janubiy Koreyaga ishlash maqsadida ketgan o‘zbekistonlik 26 yoshli ayol uyida o‘zini osib o‘ldirgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida marhumaning onasi bilan bog‘landi.
Bir nafar bolaning onasi bo‘lgan sirdaryolik Nozima uyidan o‘lik holda topilgan. Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uning o‘z joniga qasd qilganini aytmoqda. Biroq Nozimaning tanasidagi jismoniy zarbalar oqibatida olgan og‘ir jarohatlar, hatto bo‘g‘zidan pastga qarab tikilgan izlar holatga yanada shubha uyg‘otgan.
Marhuma ayolning onasiga ko‘ra, u qizining o‘limi haqidagi xabarni 2026 yil 4 fevral kuni ertalab olgan. Shuningdek, ona qizi o‘zini osib o‘ldirgani haqidagi ma’lumotlarga ishonmasligini aytmoqda.
“Hech kimga ishonchim qolmadi. Biz Koreyadagi barcha taniganlarimiz u tarafga [qizini o‘ldirganlar – tahririyat] “sotilib ketgan”. Politsiya holat yuzasidan xatni kecha, 10 aprel kuni chiqargan. Bizning Koreyadagi advokatimizga ham xatni berishmagan, bunday holatda faqat yaqin qarindoshlarga ma’lumot taqdim etilar ekan. Shu sababli yaqin 2-3 kun ichida Koreyaga boraman. Shundan so‘ng barchasiga oydinlik kiritiladi”, deydi marhumaning onasi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nozima Koreyadagi o‘zbekistonlik mehnat migranti – namanganlik 25 yoshli Sh.Sh. ismli erkak bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgan. Voqea sodir etilgandan bir necha soat oldin ular orasida tortishuv yuz bergan va shundan so‘ng ayol Sh.Sh. ni tashqariga kuzatib qo‘ygan. Shu kuniyoq Nozima Sh.Sh. ning do‘sti S.B. ga qo‘ng‘roq qilgan, qo‘ng‘iroq mahali Sh.Sh. do‘stining yonida bo‘lgan. Qo‘ng‘iroqdan so‘ng Nozimaning uyiga borgan S.B. uni osilgan holda topgan.
Yana bir shubha uyg‘otuvchi holat – ayolning vafoti paytida yozib olingan ovozli xabarda bo‘g‘ilayotgani aks etgan va yonida bo‘lgan erkaklardan biri Nozimaga qarata “o‘lib ketaver” degan. Ayolning murdasi O‘zbekistonga olib kelingach, ekspertiza o‘tkazilgan. Olingan ma’lumotlarda tananing tashqi tomondan jarohat olgani tasdiqlangan. Ushbu jarohatlar o‘limidan oldin yoki o‘limidan so‘ng olingani haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q.
Hozirga qadar Koreya tomonidan faqat tibbiy ekspertiza natijalari berilgan, sud tibbiy ekspertizasi esa berilmagan. Murdaning holati nihoyatda yomon bo‘lgani uchun onasi tomonidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga murojaat qilingan. Prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi orqali Koreya politsiyasiga holat yuzasidan xabar qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Balikesir viloyatidan 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘liyevaning jasadi topilib, O‘zbekistonga qaytarilgandi. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, oldinroq Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgan edi.
Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.
Bundan tashqari, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol ozarbayjonlik shaxs tarafidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragandi.
Turkiyaning Istanbul viloyati Moltepa tumanida 2019 yilda yo‘qolgan deb qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik ayol eri tomonidan o‘ldirilib, chiqindiga tashlangani aniqlangandi.
Qolaversa, Turkiyaning Bodrum shahrida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yoshli M.S. uyiga ketish uchun mingan avtomobilda ikki erkakning jinsiy tajovuziga uchragandi.
Live
BarchasiO‘zbekistonda zilzila sodir bo‘ldi
12 aprel