Koreyada sud Bosh vazirga nisbatan impichmentni bekor qildi

Olam

image

2024 yil dekabrida Janubiy Koreya parlamenti tomonidan impichment e’lon qilingan Janubiy Koreya Bosh vaziri Xan Dok Su mamlakat Konstitutsiyaviy sudi qarori bilan o‘z lavozimiga tiklandi. Bu haqda bugun, 24 mart kuni “Yonhap” agentligi xabar berdi.

Shu tariqa Xan yana Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lib, mamlakatda harbiy holat joriy etishga urinishdan so‘ng davlat rahbari lavozimidan chetlashtirilgan Yun Sok-Yol o‘rnini egalladi.

Janubiy Koreya prezidenti idorasi Konstitutsiyaviy sud qarorini olqishlab, parlament o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilganini isbotlaganini aytdi.

“Xan Dok Su prezidentlik lavozimiga qaytganidan keyin savdo kabi shoshilinch muammolarni hal qilishga va’da berdi”, deya xabar beradi “Reuters”.

Prezident va uning vorisi impichmentlari

2024 yil 3 dekabrda Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol muxolifatning “davlatga qarshi faoliyati”ni bahona qilib, kutilmaganda mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

Biroq mamlakat parlamenti bu qarorni tasdiqlashdan bosh tortdi va ertasi kuni ertalab davlat rahbari uni bekor qilishga majbur bo‘ldi. 14 dekabr kuni saylangan vakillar Yunga impichment e’lon qilishdi.

Shundan so‘ng, mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq, amaldagi Hukumat boshlig‘i Xan Dok Su prezident bo‘ldi. Biroq 27 dekabr kuni parlament unga ham impichment e’lon qildi.

Bunga Xanning mamlakat Konstitutsiyaviy sudiga Yunning lavozimidan chetlatilishini ma’qullay oladigan yana uchta sudyani tayinlashdan bosh tortgani sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Choy Sang-mok bajardi.

Yun Sok Yol hibsdan ozod qilindi

Hibsga olingan prezident g‘alayonga rahbarlik qilganlik va hokimiyatni suiiste’mol qilganlikda ayblanib, tergov qilingan. U uch marta gumonlanuvchi sifatida so‘roqqa kelmaganidan so‘ng, sud uni hibsga olish uchun order berdi.

15 yanvar kuni Yun qo‘riqchilarning qarshilik ko‘rsatishga urinishlariga qaramay, o‘z qarorgohida hibsga olingan.

Prezident hibsga olinganidan keyin Seulda tartibsizliklar boshlandi.

7 mart kuni Seul markaziy okrug sudi himoyachining Yun Sok Yol haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirdi va ilgari chiqarilgan hibsga olish orderini bekor qildi. Bir kundan keyin 64 yoshli siyosatchi hibsdan ozod qilindi. Biroq u tergov ostida qolmoqda. Yunga qo‘zg‘olon uyushtirganlikda ayblovlar bo‘yicha sud jarayoni 14 aprelda boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Yun Sok Yol' Xan Dok Su

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing