Koreyada ilk bor robot dirijyorlik qildi
Texnologiya
−
03 iyul 2023
4721Joriy yilning 30 iyun kuni EveR 6 nomli android robot Seulda Janubiy Koreya milliy orkestri konsertida dirijyorlik qildi. Bu mamlakat tarixidagi ilk robot dirijyor hisoblanadi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Unda aytilishicha, EveR 6 roboti tinglovchilarga manzur kelgan bo‘lsada, mutaxassislar tomonidan turli tanqidlarga uchragan. An’anaviy koreys musiqasini o‘rganuvchi auditoriya a’zosi Li Yon Chju robotning harakatlari ritmni saqlashda benuqson bo‘lsada, orkestrni birgalikda ushlab turishga qiynalganini aytdi.
"Robot bu ishni benuqson bajarishi uchun uning ustida yana ishlash kerak", deydi Li.
Koreya sanoat texnologiyalari instituti tomonidan ishlab chiqilgan mazkur robot Koreya Milliy teatrida mamlakat milliy orkestridagi yetakchi musiqachilar ishtirokida ilk debyutini o‘tkazgan. Odam ko‘rinishidagi robot dastlab tomoshabinlarga ta’zim qilib, qo‘llarini silkitgan.
Robotni nazorat qilib, u bilan birga spektaklni olib borgan Choy Su Youl uning harakatlari umuman olganda benuqson bo‘lganini aytdi.
"Robot to‘liq harakatlarni men tasavvur qilganimdan ham yaxshiroq taqdim eta oldi. Bu orqali robot va odamlar bir-birini to‘ldirib boradi”, deydi u.
Tomoshabin 62 yoshli Song In Xoning aytishicha, EveR 6’ning chiqishi yaxshi darajada bo‘lgan.
"O‘ylaymanki, u musiqani tushunish va tahlil qilishi uchun sun’iy intellekt bilan jihozlangan. U yanada mukammallashtirilsa, dirijyorlikni nazoratsiz o‘zi bajarishi mumkin", deydi Song.
LiveBarchasi