Koreya dunyodagi eng tezkor poyezdlardan birini ishlab chiqdi
Texnologiya
−
23 dekabr 4237 2 daqiqa
Janubiy Koreyada soatiga 370 km tezlikka chiqa oladigan dunyodagi eng tezkor poyezdlardan biri ishlab chiqilishi yakunlandi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Nashrning Janubiy Koreya Transport vazirligi ma’lumotlariga asoslanib yozishicha, yangi avlod poyezdi 370 km/soat tezlikda harakatlana oladi va dunyoda tezligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi. Qayd etilishicha, uning texnik jihatdan maksimal tezligi 407 km/soatni tashkil etadi.
Loyihada qo‘llanilayotgan texnologiyalar “EMU-370” deb nomlangan. Hukumat bunday yuqori tezlikdagi poyezdlarning ilk nusxalarini ishlab chiqarishni kelasi yilda boshlashni, sinovlarni esa 2030 yilda o‘tkazishni rejalashtirmoqda. 2031 yildan keyin esa tijoriy foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
EMU-370 tijoriy ekspluatatsiyaga kiritilgach, dunyoda tezligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi. U hozirda 400 km/soat tezlikda sinovdan o‘tayotgan va 2027 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan Xitoyning CR450 poyezdidan ortda qoladi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Fransiya, Germaniya va Yaponiya kabi yirik davlatlarda foydalanilayotgan yuqori tezlikdagi poyezdlarning tezligi taxminan 320 km/soatni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston bo‘ylab eng yuqori tezlikda harakatlanayotgan “Afrosiyob” – Talgo-250 rusumli tezyurar poyezdi Ispaniyaning Patentes Talgo S.L.U. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Uning eng yuqori tezligi 250 km/soatni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning CRRC Corporation Limited korporatsiyasi dunyodagi eng tezkor poyezd bo‘lishga da’vogarlik qilayotgan CR450 prototipini sinovdan o‘tkazishni boshlagani haqida xabar berilgan edi. Pekindagi eksperimental temiryo‘l halqasida yangi yuqori tezlikdagi elektr poyezdi CR450 ilk bor sinovdan o‘tkazilgan. CR450 modeli sinov davomida 450 km/soat tezlikka erishgan.
Live
Barchasi