Kontrabandaning qora tutuni: 1 mlrd 240 mln so‘mlik sigaretalar yoqib yuborildi

Jamiyat

2023 yil davomida O‘zbekistonga 2 million dona tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib kirilgani haqida bilasizmi? 2024 yilning shu davriga qadar esa naqd 56 ta shunday holat kuzatilgan. 15 fevral kuni Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan jami 110 ming quti sigaretalar yoqib yuborildi. 

“Bugun tamaki mahsulotlarini noqonuniy yo‘l bilan olib kirilish holatlari bo‘yicha huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan qiymati 1 milliard 240 million so‘mdan oshgan 110 ming qutidan ziyod 3 xil turdagi tamaki mahsulotlari yo‘q qilinmoqda. Mazkur tamaki mahsulotlari ko‘rinish hamda xususiyat jihatdan sifatsiz va kontrafakt hisoblanadi. Bu inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Ushbu mahsulotlar O‘zbekistonda belgilangan talablarga javob bermaydi. Mahsulot nafaqat aksiz marka bilan markalanmagan, balki ishlab chiqarilganligi bilan bog‘liq raqamli markirovka hamda tibbiy ogohlantirish belgilari mavjud emas. E’tibor bersangiz, qutida hattoki ishlab chiqarilgan sana ham ko‘rsatilmagan. Bu ushbu mahsulotlar sifatsiz ekanligi va inson salomatligiga xavf tug‘dirishidan dalolat beradi”, deydi Bojxona qo‘mitasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akromjon Ahlimirzayev.

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, ushbu mahsulotlardan 108 ming 138 qutisi Sirdaryo viloyatidagi xonadonlardan birida topilgan. 

“Bugungi holatda qonunbuzar Abdiboyev tomonidan qo‘shni davlatdan olib kelingan tamaki mahsulotlarini Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi xonadonlardan biriga joylashtirayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan. Guliston shahar sudining hukmiga ko‘ra, fuqaro Abdiboyev sodir etgan jinoyati uchun 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan”, deydi Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Nurbek Salomov.

Raqamlar qancha katta bo‘lmasin, afsuski bu xamir uchidan patir. Jumladan, birgina 2023 yilning o‘zida 291 ta holatda 5 million 700 ming quti tamaki mahsulotlari kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga olib kirilayotgan vaqtda ushlab qolingan. Bu 2022 yilda kuzatilgan holatlarga nisbatan 3,5 barobarga ko‘pdir. Joriy, 2024 yilning shu davriga qadar esa 528 ming 740 quti sigareta ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan. 

"2023 yil davomida jami 291 ta qonunbuzarlik holatlarida 5 million 700 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Uning umumiy qiymati 92,2 milliard so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida bojxona xodimlari tomonidan 56 ta qonunbuzarlik holatlarida 14 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari ushlab qolindi” deydi Salomov. 

Ma’lum qilinishicha, ushbu mahsulotlar ko‘p hollarda O‘zbekistonga tranzit yo‘l bilan olib kiriladi, ammo mamlakatda noqonuniy olib qolinadi. 

Barchaga ma’lumki, tamaki mahsulotlari inson hayoti uchun zararlidir. Faktlarga ko‘ra, undan chiqqan tutunning to‘rtdan bir qismi, ya’ni 25 foizi inson organizmida qoladi. Qolgan 75 foizidan esa atrofidagilar zarar ko‘radi. 

Mazkur noqonuniy sigaretalarni yoqish mobaynida ulardan chiqadigan tutun atrof-muhitni zararlamaydi, degan savol tug‘iladi. Boshqarma mas’ulining bildirishicha, sigaretalar yoqilayotgan qozonlarga maxsus filtrlar o‘rnatilgan. Ular chiqayotgan tutundagi zararli moddalarni ushlab qoladi. 

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, 2023 yil davomida 2 million quti tamaki yoqib, yo‘q qilingan. Shu yil davomida ushlab qolingan 3,7 million qutining taqdiri nima bo‘ldi, dersiz. Boshqarma xodimining so‘zlariga ko‘ra, ushbu mahsulotlar bo‘yicha hali tergov ishi yakunlanmagan. Ular ham sud hukmi e’lon qilingandan so‘ng, yo‘q qilish uchun olib kelinadi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 8 milliondan ortiq odam sigaret tutuni tufayli vafot etadi. Ushbu o‘limlarning 1 million 200 mingtasi bilvosita, ya’ni atrofidagilarning chekishi oqibatidir. Sigaret chekish qariyb 50 foiz holatda o‘lim bilan yakunlanadi. Eng achinarlisi esa har yili 65 ming bola tutun ta’siridan vafot etadi. Shunga qaramay, dunyoning ko‘plab davlatlarida tamaki savdosi eng xaridorgir va soqqali biznes hisoblanadi. Afsuski, O‘zbekistonda ham sigaret chekuvchilarning sonini oz, deb bo‘lmaydi. Bu har kuni yuzlab bolalarning zaharlanishi, o‘nlab insonlarning o‘limi demakdir. Shunday ekan, o‘zingizni, oilangiz va farzandlaringiz sog‘lig‘iga befarq bo‘lmang!


Maqola muallifi

Teglar

Kontrabanda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing