Urgutda fuqaro 7 kg opiy bilan ushlandi (video)
Jamiyat
−
10 avgust 2023
5403Samarqand viloyati Urgut tumanida fuqaroning uyidan 7 kilogramm 187 gramm opiy topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumanida yashovchi 45 va 37 yoshli opa-singil 911 gramm opiy moddasini 12 ming dollarga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor surishtiruv davomida ular ushbu ta’qiqlangan moddalarni Urgut tumanida yashovchi 33 yoshli ikki nafar erkakdan olgani aniqlanib, ular ham qo‘lga olingan. Shuningdek, ularning yashash xonadonlarida o‘tkazilgan tintuv-tergov harakatlari davomida qo‘lga olinganlardan birining uyidan 228 gramm va ikkinchisinikidan 7 kilogramm 187 gramm opiy moddasi xolislar ishtirokida topilgan va protsessual tarzda rasmiylashtirilgan.
Aniqlanishicha, tadbir davomida bu moddalar O‘zbekistonga Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan. Hozirda mazkur 4 nafar shaxsga nisbatan xizmatning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) 2-qismi va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoydan O‘zbekistonga pochta orqali yuborilgan 75 kilogramm pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi moddasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan edi.
LiveBarchasi