Ikki viloyatda narkosavdogarlar 5,5 kg “opiy” bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
08:24 888 2 daqiqa
Samarqand va Xorazm viloyatlarida jami 5,5 kilogrammga yaqin “opiy” moddasi musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona va Ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan katta miqdordagi giyohvandlik vositasi musodara qilingan.
Xususan, olingan tezkor ma’lumot asosida Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1973 y.t. fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Natijada, u hovlisiga sof og‘irligi 4 kg 988 gr bo‘lgan “opiy” moddasini ko‘mib qo‘yganligi aniqlanib, ushbu taqiqlangan modda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona va Ichki ishlar boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘shni davlatdan olib kelingan giyohvandlik vositasi fosh etilgan.
Jumladan, “Surxondaryo – Xorazm” yo‘nalishida Cobalt rusumli avtomashinada harakatlanayotgan, tezkor xodimlar tomonidan oldindan kuzatuvga olingan Termiz shahrida yashovchi, 1989 y.t. 2 nafar fuqaro “Sarimoy” blok-postida to‘xtatilgan. Ularga tegishli uyali aloqa vositalari ko‘zdan kechirilganda A-380 xalqaro avtomobil yo‘lining Buxoro viloyati Romitan tumani hududidan o‘tuvchi qismida giyohvandlik vositasi yashirilganligi ma’lum bo‘lgan hamda ushbu lokatsiyadan 539 gr “opiy” moddasi olingan.
Aniqlanishicha, qonunbuzarlar uni Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirishgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246- modda va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 2 kg 18 gramm “opiy”ni 20 ming dollarga sotgan qo‘shni davlatning ikki fuqarosi ushlangandi.
Live
Barchasi20 Oktyabr