Bojxonada ushlab qolingan mahsulotlar qayerga ketyapti?
Tahlil
−
18 may
5547Ma’lumki, mamlakatga noqonuniy olib kirilgan tovarlar bojxonada ushlab qolinadi. Ammo hammani bir savol o‘ylantiradi: Xo‘sh, keyin-chi, bu mahsulotlar nima qilinadi? Hozir biz Toshkent shahar Sergeli tumanidagi zavodlardan biridamiz. Bu yerda Bojxona qo‘mitasi tomonidan 2023 yilda ikkita holatda ushlab qolingan 172 ming qutidan ortiq tamaki mahsulotlari yoqish yo‘li bilan yo‘q qilinmoqda.
Odamlar orasida bojxonada ushlab qolingan tovarlar qayta noqonuniy savdoga chiqariladi degan fikrlar yurishi mumkin. Ammo bu ish aytilganichalik oson emas. Musodara qilingan yoki yo‘q qilishga qaror chiqarilgan tovarlarning har biri sanoqdan o‘tkaziladi hamda hujjatlashtiriladi, so‘ngra katta miqdorda mana bunday zavodlarga olib kelib jamoatchilik ishtirokida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari xodimlarini keng jalb etilgan holda yo‘q qilinadi. Yo‘q qilish usuli tovarning turiga ham bog‘liq.
Bugungi tadbirda naqd 172 ming 392 quti tamaki mahsulotlari yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi. Ularning 154 ming 320 qutisi 2023 yilning avgust oyida Toshkent shahar Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda aniqlangan. 2 nafar fuqaro muqaddam O‘zbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy olib kirilgan tamaki mahsulotlarini yashash xonadonida saqlab kelgan. 32 nomdagi ushbu tovarlarning umumiy qiymati 2 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan. Shundan so‘ng, ushbu 2 fuqaro Jinoyat kodeksining 186-moddasi 3-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi hamda ularga 4 yil-u 6 oy ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.
Shu o‘rinda bundan avvalgi ishlarda jinoyatchilarga ko‘proq muddat berilgani, bu safar tovarlarning miqdori katta bo‘lishiga qaramay, aybdor deb topilgan shaxslarga faqatgina ozodlikdan cheklash jazosi berilayotgani jurnalistlarda qiziqish uyg‘otdi. Ushbu vaziyatga mutaxassis quyidagicha javob berdi:
“Avvalgi holatda ayblangan shaxs muqaddam ham aynan shu turdagi jinoyat bo‘yicha sudlangan edi. Bundan tashqari, avvalgi holatda 2-3 ta partiya bo‘lgan edi. Shuning uchun unga 8 yildan ortiq muddat berilgan. Bu holatda esa 2 ta fuqaroning ustidan Toshkent shahrida noqonuniy mahsulotni muomalaga kiritish bo‘yicha ish ko‘rilgan”, deydi u.
Noqonuniy mahsulotlar nafaqat jinoyat sodir etgan shaxsning, balki xaridorning ham hayotini tahlikaga qo‘yishi mumkin. Chunki bunday tovarlarning tarkibi ko‘p hollarda sifat talablariga javob bermaydi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Noqonuniy tovarni qonuniy yo‘l bilan olib kirilganidan qanday ajratish mumkin? Surishtiruv boshqarmasi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, bunday tovarlar 3 ta belgiga ko‘ra farqlanadi: aksiz markasining va tibbiy ogohlantirishning mavjudligi, raqamli markirovka talabi bajarilgani.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar ham anoyi emas, ular organ xodimlarini chalg‘itish maqsadida tranzit yo‘llarni o‘zgartirib turishadi, ba’zida xo‘rak uchun mahsulot jo‘natib, ortidan katta partiyani yashirincha olib kirmoqchi bo‘lishadi. Xususan, yaqinda ham Surxondaryo viloyatida shunday holat aniqlangan. Hozirda ushbu ish yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, tadbir davomida bildirilishicha, bugun O‘zbekistonga noqonuniy mahsulot olib kirish ko‘rsatkichi 23 foizdan 16 foizgacha tushgan. Xususan, 2023 yilda 291 ta, joriy yilda esa 196 ta holat aniqlangan. Natijada o‘tgan yili 92,2 milliard so‘mlik 5,7 million quti, 2024 yilda esa 17,7 milliard so‘mlik salkam 798 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Unutmangki, mamlakat hududiga noqonuniy tovar olib kirishga urinish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu mahsulotlar sog‘liq uchun ham zararli bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, o‘zingizni noqonuniy mahsulotlardan asrang!
LiveBarchasi