Konsulxona Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
04 aprel 2023
25180O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda konsulxonaning rasmiy Telegram-kanalida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, konsulxonaga so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari va huquq-tartibot idoralari orqali O‘zbekiston fuqarolarini Turkiya hududida sodir etilgan turli jinoyat va boshqa huquqbuzarliklar ishtirokchisi bo‘lib qolganliklari haqida tez-tez xabarlar kelib tushmoqda.
“Bunday ko‘ngilsiz holatlarda jabr ko‘rishingiz yoki aybdor bo‘lib qolishingizning oldini olish maqsadida, siz mehmon bo‘lib turgan mamlakat qonun talablariga qat’iy rioya qilishingizni, o‘zingiz va yaqinlaringizning hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan joylar va shaxslardan yiroq bo‘lishingizni, bunday vaziyatlarni keltirib chiqarmaslik choralarini ko‘rishingizni, musofir yurtda vatandoshlarimizga o‘zaro hurmat va yordam ko‘rsatishingizni yana bir bor iltimos qilamiz”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, agar fuqarolar huquq-tartibot idoralari tomonidan biron bir sababga ko‘ra ushlansa yoki hibsga olinsa, bu haqda zudlik bilan Bosh konsulxonaga xabar berilishini talab qilish huquqiga ega.
“Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni, fuqarolarning shaxsiy dahlsizlik huquqlariga rioya qilishni va bu orqali qonun oldida javobgar bo‘lib qolishdan o‘zingizni asrashingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi konsulxona xabarida.
LiveBarchasi