Prezident saylovi muddatini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mamlakatda saylovlarni o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mamlakat Bosh qomusiga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini e’lon qildi.

Mazkur qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha takliflaringiz bo‘lsa, quyidagi [email protected] manzilga jo‘natishingiz mumkin. 

"Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

1-modda. 1992 yil 8 dekabrda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 1, 4-modda; 1994 yil, № 1, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, № 3–4, 27-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 162-modda; 2008 yil, № 12, 637-modda; 2011 yil, № 4, 100-modda, № 12/1, 343-modda; 2014 yil, № 4, 85-modda; 2017 yil, № 4, 135-modda, № 5, 201-modda, № 8, 383-modda; 2018 yil, № 10, 674-modda; 2019 yil, № 3, 162-modda, № 9, 588-modda) 117-moddaning ikkinchi qismidagi «dekabr oyi» degan so‘zlar «oktyabr oyi» degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 4 aprelda qabul qilingan «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi 350–II-sonli Konstitutsiyaviy Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002 yil, № 4–5, 60-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008 yil, № 12, 637-modda; 2011 yil, № 12/1, 344-modda; 2012 yil, № 4, 104-modda; 2019 yil, № 9, 588-modda) 3-moddaning matnidagi «dekabr oyi» degan so‘zlar «oktyabr oyi» degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2004 yil 30 aprelda qabul qilingan «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi 617–II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004 yil, № 5, 86-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015 yil, № 12, 452-modda; 2019 yil, № 12, 880-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilsin:

1) 6-moddaning uchinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:

«Siyosiy partiyalar saylov kampaniyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar uchun G‘aznachilikda hisobvaraq ochiladi»;

2) 8-moddaning:

nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«8-modda. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish»;

birinchi qismdagi «Qonunchilik palatasiga va davlat hokimiyatining boshqa vakillik organlariga» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari shu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olingandan keyin ro‘yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisob-kitob varag‘iga belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

Saylovda siyosiy partiyalarning ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar siyosiy partiya tomonidan:

tashviqot olib borishga;

nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot o‘tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;

saylov kampaniyasini o‘tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanadi»;

3) 10-modda:

quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«Siyosiy partiyalarning saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar uchun ochilgan g‘aznachilik hisobvarag‘iga belgilangan tartibda o‘tkaziladi»;

uchinchi va to‘rtinchi qismlari tegishincha to‘rtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;

4) 16-modda:

ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Siyosiy partiya har yili qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda hamda tartibda moliya organlariga, davlat soliq xizmati organlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Adliya vazirligiga ustavda nazarda tutilgan faoliyatni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hisobot taqdim etadi»;

quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«Saylovda ishtirok etgan siyosiy partiya saylov kuniga qadar oraliq hisobotini va saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin yakuniy hisobotini O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi»;

uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlari tegishincha to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar deb hisoblansin;

oltinchi qismi quyidagi mazmundagi oltinchi – to‘qqizinchi qismlar bilan almashtirilsin:

«Siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotida davlat mablag‘larining kelib tushishi va sarflanishi alohida qismda nazarda tutiladi.

Ustavda nazarda tutilgan faoliyatni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hisobot shakli O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish to‘g‘risidagi hisobot shakli va uni topshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Siyosiy partiyaning hisobotlari uning rasmiy veb-saytida va bosma nashrida e’lon qilinadi».

5) 17-moddaning ikkinchi qismidagi «Qonunchilik palatasiga» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

6) 18-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:

«O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining siyosiy partiyalar moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi».

4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 25 iyunda qabul qilingan O‘RQ–544-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019 yil, № 6, 327-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:

1) 19-moddaning ikkinchi qismidagi «yetti – o‘n besh» degan so‘zlar
«o‘n bir – yigirma bir» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

2) 20-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«Tuman, shahar (Toshkent shahri bundan mustasno) saylov komissiyasi mazkur Kodeksning 22, 23, 32, 59, 60 va 95-moddalarida nazarda tutilgan okrug saylov komissiyasining vakolatlarini ham bajaradi»;

3) 21-moddaning:

birinchi qismdagi «mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi esa tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan» degan so‘zlar «Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi esa tegishli viloyat, Toshkent shahar saylov komissiyasi tomonidan» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Xalq deputatlari tuman, shahar (Toshkent shahridan tashqari) Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tuzilmaydi» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

4) 22-moddaning:

sakkizinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

to‘qqizinchi – o‘n to‘rtinchi xatboshilar tegishincha sakkizinchi – o‘n uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;

o‘n birinchi xatboshidagi «tuman, shahar» degan so‘zlar «Toshkent shahar» degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

5) 25-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi uchastka saylov komissiyalari mustasno»;

6) 27-moddaning oltinchi qismidagi «O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

7) quyidagi mazmundagi 27-1-modda bilan to‘ldirilsin:

«27-1-modda. Chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolarni

saylovchilar ro‘yxatiga kiritish

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalari bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuziladi.

Chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida saylovchilarni xabardor etadi.

Chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasiga yozma shaklda yoxud O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovga o‘n besh kun qolgunga qadar murojaat qilishi mumkin.

Chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi fuqaroning saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatida ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlarni tekshiradi
va fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish masalasini hal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim etadi»;

8) 29-moddaning:

birinchi qism quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:

«Chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarining rasmiy veb-saytlari orqali ham saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi»;

beshinchi qismdagi «uch kun» degan so‘zlar «besh kun» degan so‘z bilan almashtirilsin;

9) 31-moddaning oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Saylov byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida trafaretlar tayyorlanishi mumkin»;

10) 32-modda:

quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar soni haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenlarini chop etadi hamda yetkazib berilishini ta’minlaydi»;

ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;

11) 33-moddaning:

ikkinchi qismidagi «o‘n besh kun» degan so‘zlar «o‘n kun» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«Kuzatuvchilar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalariga tashrifi haqida kamida uch kun oldin uchastka saylov komissiyasini xabardor qilishi lozim»;

12) 41-moddaning ikkinchi qismidagi «saylovni o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

13) 42-modda quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«Nomzod saylovga qadar vafot etgan, maqomidan mahrum etilgan yoxud nomzodlikdan voz kechgan taqdirda nashr etilgan saylov byulletenlarida ushbu nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi yozilgan satr o‘chiriladi. Bunday nomzodga muddatidan oldin ovoz berish jarayonida yoqlab berilgan ovozlar uchastka saylov komissiyalari tomonidan ovoz berish natijalarini sanab chiqishda haqiqiy emas deb topiladi»;

14) 44-modda quyidagi mazmundagi beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:

«Quyidagilarga saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlanadi:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning mansabdor shaxslari (agar ular nomzodning ishonchli vakili bo‘lib ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa);

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari, sudyalar;

saylov komissiyalari a’zolari;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari.

Nomzodning ishonchli vakili etib ro‘yxatga olingan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxsi saylovoldi tashviqoti davrida o‘zining mansab va xizmat maqomidan biron bir siyosiy partiya yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

Saylovoldi tashviqoti davrida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga quyidagilarni amalga oshirish taqiqlanadi:

qo‘l ostida bo‘lgan yoki xizmat bo‘yicha bo‘ysunadigan shaxslarni saylovoldi tashviqoti o‘tkazishga jalb etish;

davlat organi faoliyati uchun berilgan binodan saylovoldi tashviqoti maqsadida foydalanish, agarda ushbu binodan boshqa nomzodlarga xuddi shunday sharoitda o‘sha binodan foydalanish kafolati berilmagan bo‘lsa»;

15) 46-moddaning beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalarning fikrini o‘rgangan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi»;

16) 48-moddaning ikkinchi qismdagi «mazkur komissiyalar bu haqda saylovchilarni oldindan xabardor qiladi» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

17) 50-moddaning birinchi qismi:

quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:

«saylov qutilari»;

oltinchi – o‘n to‘rtinchi xatboshilari tegishincha yettinchi – o‘n beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;

18) 51-modda:

quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan hududlaridagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 ga qadar o‘tkaziladi»;

ikkinchi va uchinchi qismlari tegishincha uchinchi va to‘rtinchi qismlar deb hisoblansin;

19) 54-modda uchinchi qismi ikkinchi xatboshisining o‘zbekcha matni «ovoz berish» degan so‘zlardan keyin «uchun» degan so‘z bilan to‘ldirilsin;

20) quyidagi mazmundagi 56-1-modda bilan to‘ldirilsin:

«56-1-modda. Chet davlatlarda saylovchining turgan joyida ovoz

berish

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati idoralari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarda saylovchilar zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish davrida saylovchining turgan joyida o‘tkazilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

Saylovchining turgan joyida ovoz berish O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi ishtirokida o‘tkaziladi.

Ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi a’zolari ko‘chma saylov qutisini ochib, uning ichidagi saylov byulletenlarini sanamasdan maxsus qopga joylaydi, qopni plombalaydi va bu haqda dalolatnoma tuzadi.

Saylov byulletenlari solingan qop plombalangan holda dalolatnoma bilan saylov uchastkasiga olib boriladi va saylov kuni ovozlarni sanab chiqish jarayoni boshlangunga qadar saqlanadi»;

21) 57-moddaning:

ikkinchi qismidagi «tegishli okrug saylov komissiyasi» degan so‘zlar «Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

beshinchi qismidan «va ovoz beruvchining imzosi» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

22) 58-moddaning oltinchi qismi «okrug saylov komissiyasiga» degan so‘zlardan keyin «Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha esa tegishli tuman, shahar (Toshkent shahri bundan mustasno) saylov komissiyasiga» degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

23) 86-moddaning matnidagi «uch kun» degan so‘zlar «besh kun» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

24) 95-moddaning uchinchi qismi quyidagi mazmundagi uchinchi – to‘rtinchi qismlar bilan almashtirilsin:

«Okrug bo‘yicha saylov natijalari okrug saylov komissiyasining majlisida aniqlanadi va bayonnomaga kiritiladi. Bayonnoma komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi, boshqa a’zolari tomonidan imzolanadi hamda tegishli saylov komissiyasiga taqdim etiladi. Mazkur bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun okrug saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo‘yiladi.

Xalq deputatlari tuman, shahar (Toshkent shahri bundan mustasno) Kengashlari saylovida okrug bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash ushbu moddada belgilangan tartibda tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi»;

25) 96-moddaning:

oltinchi qismidagi «o‘n kun» degan so‘zlar «besh kun» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

yettinchi qismidagi «o‘n kun» degan so‘zlar «besh kun» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

26) 99-modda quyidagi mazmundagi to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:

«Saylov komissiyalari a’zolariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasida belgilangan miqdorda transport, ovqatlanish va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lovi amalga oshiriladi.

Saylov komissiyasining doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan a’zolariga,
shu jumladan pensionerlarga, mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqi to‘lanadi»;

27) 100-moddaning ikkinchi qismidagi «va boshqa tegishli saylov komissiyalari» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

28) 102-moddaning matnidagi «o‘n kun» degan so‘zlar «besh kun» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

29) quyidagi mazmundagi 102-1-modda bilan to‘ldirilsin:

«102-1-modda. Markaziy saylov komissiyasi a’zosining

transportdan foydalanish huquqi

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi aeroportlar va aerovokzallar, temir yo‘l vokzallari hamda stansiyalarining rasmiy shaxslar va delegatsiyalar uchun mo‘ljallangan zallaridan tekin foydalanish huquqiga ega.

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi o‘z guvohnomasini ko‘rsatganidan keyin temir yo‘l vokzallari va stansiyalarining chipta sotadigan kassalari, fuqaro aviatsiyasi agentligi yoki aeroportlar unga poyezd vagonidan, samolyot salonidan navbatsiz joy berishlari shart. Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Markaziy saylov komissiyasining majlisiga borayotganda unga samolyot chiptasi parvozdan kamida ikki soat oldin, boshqa hollarda esa, kamida bir sutka oldin beriladi».

5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

7-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti


Maqola muallifi

Teglar

Konstitutsiya

Baholaganlar

129

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing