Kongoda Ebola yuqtirgan bemorlar shifoxonadan qochib ketdi
Olam
−
26 may 1247 3 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasining Mongbvalu shahrida Ebola bezgagiga chalinganlar davolanayotgan shifoxonadan kamida 25 kishi qochib ketdi. Qon ketishi kuzatilayotgan va ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgan bir bemor qochishga urinish paytida vafot etgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qochish holatlari ikki bosqichda sodir bo‘lgan. Joriy yilning 23 may kuni vafot etgan qarindoshlarining jasadlari o‘zlariga berilmayotganidan norozi bo‘lgan mahalliy aholi Mongbvalu shahri shifoxonasidagi mobil gospitalga o‘t qo‘ygan. Shu kuni 18 kishi qochib ketgan. Ulardan kamida birining Ebolaga topshirgan testi ijobiy (kasallik aniqlangan) chiqqan. Keyinchalik, 24 may kuni sodir bo‘lgan yangi hujum urinishlari paytida yana yetti nafar bemor qochishga muvaffaq bo‘lgan.
24 may holatiga ko‘ra, Ebola bilan kasallanganlikda gumon qilinayotganlar soni 900 nafardan oshib ketdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining baholashicha, 220 kishi kasallik qurboniga aylangan. Epidemiya Kongoning Ituri provinsiyasida avj olgan. Shuningdek, ayrim kasallanish holatlari Shimoliy va Janubiy Kivu provinsiyalarida ham qayd etilgan.
Ebola bezgagi haqida nimalar ma’lum?
Ebola infeksiyasi – bu kam uchraydigan, ammo og‘ir kechuvchi kasallik bo‘lib, ko‘pincha insonlar o‘limiga olib keladi. Bu kasallikning qo‘zg‘atuvchilari filoviruslar oilasining Orthoebolavirus turiga mansub viruslardir. Bugungi kunda oltita ortoebolavirus ma’lum bo‘lib, ulardan uchtasi bezgakning keng ko‘lamli epidemiyasini keltirib chiqarishga qodir – bular Kongodagi daryo nomi bilan atalgan Ebola virusi, Sudan virusi va Bundibudjio virusidir.
KDRdagi ushbu epidemiyaga Ebolavirusning Bundibudjio (BDBV) podtipi sabab bo‘lgan. Ayni paytda ushbu podtipga qarshi tasdiqlangan dori vositalari yoki vaksinalar mavjud emas. Aynan shu sababli JSST Afrikadagi yangi Ebola epidemiyasini favqulodda vaziyat deb e’lon qildi.
Ebolavirus infeksiyasi insonga kasallangan hayvonlarning, masalan, mevaxo‘r ko‘rshapalaklar, shimpanzelar, gorillalar, o‘rmon antilopalari yoki dikobrazlarning qoni, ajratmalari, a’zolari yoki boshqa tana suyuqliklari bilan yaqin aloqada bo‘lganda yuqishi mumkin. Virusning odamdan odamga yuqishi esa, shikastlangan teri yoki shilliq pardalar orqali, kasallangan yoki vafot etgan shaxsning qoni va fiziologik suyuqliklari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilganda, shuningdek, ushbu suyuqliklar bilan zararlangan buyumlar yoki yuzalarga tegganda sodir bo‘ladi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimlarining zararlanish holatlari tez-tez uchrab turadi. Virus infeksiyasi, shuningdek, dafn marosimlari paytida, agar marosim ishtirokchilari zararlangan jasadga to‘g‘ridan to‘g‘ri tegishsa ham yuqishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasining sharqida Ebola virusining tarqalish markaziga aylangan hududdagi shifoxona bo‘limiga hujum qilingani, g‘azablangan olomon Eboladan vafot etgani taxmin qilingan yigitning jasadini olib chiqishga ruxsat berilmagach, izolyatsiya chodirlariga o‘t qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi