Kongoda Ebola sabab shifoxonalarga o‘t qo‘yildi

Olam

image

Kongo Demokratik Respublikasining sharqida Ebola virusining tarqalish markaziga aylangan hududdagi shifoxona bo‘limiga hujum qilindi. G‘azablangan olomon Eboladan vafot etgani taxmin qilingan yigitning jasadini olib chiqishga ruxsat berilmagach, izolyatsiya chodirlariga o‘t qo‘ygan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Voqea Ituri viloyatidagi Bunia shahri yaqinida joylashgan Rvampara umumiy shifoxonasida yuz bergan. Mahalliy siyosatchi Lyuk Malembening aytishicha, odamlar shifoxonaga tosh va turli buyumlar uloqtirgan, keyin esa Ebola bilan kasallangan bemorlar saqlangan chodirlarni yoqib yuborgan.

Tartibsizlik vaqtida politsiya olomonni tarqatish uchun havoga ogohlantiruvchi o‘q uzgan. Shifoxona xodimlaridan biri namoyishchilar uloqtirgan tosh sabab jarohat olgan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, vafot etgan yigit hududdagi taniqli futbolchilardan biri bo‘lgan. Uning yaqinlari esa Ebola tashxisiga ishonmagan. Yigitning onasi o‘g‘li Ebola emas, ich terlama kasalligidan vafot etganini aytgan. Rasmiylar Eboladan vafot etgan inson jasadi juda yuqumli bo‘lishini, shu sabab xavfsiz dafn qoidalari qat’iy nazorat qilinishini bildirgan.

Mahalliy siyosatchi Malembening aytishicha, ayrim hududlarda odamlar Ebola virusiga umuman ishonmaydi.

“Ba’zi aholi Ebolani tashqaridan o‘ylab topilgan kasallik deb hisoblaydi. Ular nodavlat tashkilotlar va shifoxonalar pul ishlash uchun buni uyushtiryapti deb o‘ylaydi”, degan u.

Hodisa oqibatida ikki chodir yonib ketgan. Dafn qilinishi kerak bo‘lgan jasad ham yong‘in ichida qolgan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bilan bog‘liq 600 ga yaqin gumonli holat qayd etilgan bo‘lib, 130 dan ortiq odam vafot etgan. Virusning ikki holati qo‘shni Uganda hududida ham aniqlangan.

Mutaxassislar tarqalayotgan virus Ebolaning kam uchraydigan Bundibugio turi ekanini bildirgan. Hozircha ushbu tur uchun tasdiqlangan vaksina mavjud emas.


Maqola muallifi

Teglar

Kongo hujum shifoxona Ebola

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing