Kongoda Ebola qurbonlari soni qariyb 800 nafarga yetdi

Olam

image

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi tarqalishi oqibatida vafot etganlar soni 796 nafarga yetdi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus ma’lum qildi.

JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur epidemiya mamlakat tarixidagi uchinchi yirik Ebola tarqalishi bo‘lib, so‘nggi bir oy ichida avvalgi epidemiyalarga qaraganda tezroq kengaygan. Eng xavotirli vaziyat Kongo Demokratik Respublikasining Ituri provinsiyasida kuzatilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, yangi aniqlanayotgan holatlarning 80 foizdan ortig‘i avval ro‘yxatga olingan bemorlar bilan aloqada bo‘lganlar orasidan emas, balki noma’lum infeksiya zanjirlari orqali aniqlanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, virus sababli vafot etganlarning uchdan ikki qismi tibbiy yordamga murojaat qilmagan odamlar orasida qayd etilgan. Tashkilot Kongo hukumati, Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi hamda boshqa hamkorlar bilan birgalikda epidemiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirmoqda.

Hozirda davolash markazlari quvvati 800 o‘rindan oshirilgan, laboratoriyalar soni esa bittadan 16 tagacha ko‘paytirilgan. Shuningdek, 21 mingdan ortiq tibbiyot va jamoat xodimlari tayyorlanayotgani, bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni kuzatish ishlari esa qariyb 80 foizga yetgani qayd etilgan.

JSST rahbari xalqaro hamjamiyatni epidemiyaga qarshi kurash uchun zarur mablag‘ ajratishga chaqirgan. Uning aytishicha, tashkilot va Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining qo‘shma rejasi uchun 400 million dollardan ortiq mablag‘ yetishmayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq JSST Kongo Demokratik Respublikasidagi haqiqiy kasallanish holatlari rasmiy ma’lumotlardan bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing