Kongoda bortida qariyb 500 kishi bo‘lgan kema yonib ketdi (video)
Olam
−
19 aprel 2025 4872 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasining shimoli-g‘arbida joylashgan hududda bortida qariyb 500 kishi bo‘lgan kemada yong‘in chiqishi oqibatida kamida 148 kishi halok bo‘ldi, yana 100 dan ortiq odam bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, fojia joriy yilning 16 aprel kuni sodir bo‘lgan. Hodisa yuz bergan paytda yog‘ochdan yasalgan HB Kongolo motorli kemasida 500 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Kema Matankum portidan yo‘lga chiqib, Kongo daryosi bo‘ylab Bolomba shahriga qarab yo‘l olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kemada yo‘lovchilar uchun ovqat tayyorlanayotgan oshxonada yong‘in boshlangan. Yong‘indan so‘ng kema butunlay cho‘kib ketgan.
“Associated Press”ning yozishicha, ko‘plab omon qolganlar og‘ir kuyish jarohatlari olgan. Hozirda Kongo hukumati organlari va Qizil Xoch tashkiloti tomonidan bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari davom ettirilmoqda.
“The Guardian” nashriga ko‘ra, Kongoda daryo kemalari millionlab odamlar uchun asosiy transport vositasi hisoblanadi. Shuning uchun qayiq va kemalar ko‘pincha haddan tashqari to‘lib ketadi. Bu kabi halokatlar mamlakatda muntazam ravishda takrorlanib turadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrning Xurgada shahrida sayyohlik batiskafi marjon riflarini tomosha qilish uchun rejalashtirilgan suvosti ekskursiyasini amalga oshirayotganda cho‘kib ketgan edi. To‘rt nafar sayyoh halok bo‘lgan, bir necha kishi bedarak yo‘qolgan. Uning bortida 45 nafar Rossiya fuqarosi, jumladan bolalar ham bo‘lgan.
Live
Barchasi