Konyada axlat qutisidan chaqaloq topildi
Olam
−
13 noyabr
9093Turkiyaning Konya shahrida axlat idishidan yangi tug‘ilgan chaqaloq topildi. Bu haqda mahalliy “Yeni Konya” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, shahar markazidagi Uzunharmanlar tumanida yashovchi ayol axlat tashlaganida chaqaloq yig‘isini eshitib qolgan va qo‘shnilari yordami bilan chaqaloqni axlat idishidan chiqarib olgan.
“Ular yaqinda tug‘ilgani ko‘rinib turgan, sovuqdan titrayotgan qizaloqni adyolga o‘rab isitdi. Chaqaloq shahar shifoxonasiga yotqizildi”, deyiladi xabarda.
Hozirda chaqaloqning sog‘lig‘i yaxshi ekani ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, politsiya bolani axlat idishiga tashlagan shaxsni ko‘rgan hech kimni topa olmagan. Huquq-tartibot idoralari jinoyatchini aniqlash uchun kuzatuv kameralaridan olingan ma’lumotlarni tahlil qilishga kirishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Quva tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limida yangi tug‘ilgan chaqaloq polisintetik xaltaga solinib, yerga tashlab ketilgan edi. Oqibatda chaqaloq vafot etgan.