Komiljon Allamjonov: Buni ta’minlamasdan turib OAVni “to‘rtinchi hokimiyat”ga darajasiga ko‘tarib bo‘lmaydi (video)

Jamiyat

Avvalroq, bugun, 28 may kuni Toshkentdagi “Hyatt ragency Tashkent” mehmonxonasida “OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov ham ishtirok etib nutq so‘zladi.

Komiljon Allamjonov o‘tgan davrda mamlakatda so‘z erkinligi va OAV mustaqilligini, davlat idoralarining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi. 

Quyida Komiljon Allamjonovning nutqi bilan tanishishingiz mumkin.

Axborot va ommaviy axborot kommunikatsiyalar agentligi direktori K.Allamjonovning nutqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, mamlakat media-bozorini rivojlantirish orqali ommaviy axborot vositalarini tom ma’nodagi “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga yetkazish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Buni keyingi ikki yil mobaynida respublikamizda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning samarali va erkin faoliyat yuritishlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilinganida ham ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etildi.

Agentlik zimmasiga O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish borasida alohida maqom va vakolat berildi.

Xususan, fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish, media-bozorda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha turdagi OAV uchun teng sharoit yaratish va albatta, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish singari dolzarb masalalar Agentlikning asosiy vazifasi sifatida belgilib qo‘yildi. 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ushbu vazifalar, 2019-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi axborot va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirish dasturi ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida xalqaro reytinglarda so‘z erkinligi va OAV faoliyati bo‘yicha mamlakatimizning mavqeini yaxshilash, media-ombudsman lavozimini joriy etish, sud organlari va jurnalistlar o‘rtasida izchil hamkorlikni o‘rnatishga qaratilgan normativ-huquqiy huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlandi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi “Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida”gi va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ustida ham ish olib borilmoqda.

Yuqoridagi chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, axborot sohasini, mamlakat media-bozorini jadal rivojlantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash, xalqimizga to‘g‘ri va xolis axborotni tezkorlik bilan yetkazish va fuqarolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish salohiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini shakllantirishdir.

Bu ko‘p jihatdan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlarning mas’uliyati va malakasiga ham bog‘liq. Buni ta’minlamasdan turib OAVni “to‘rtinchi hokimiyat”ga darajasiga ko‘tarib bo‘lmaydi.

Shundan kelib chiqqan holda, ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari xodimlarining malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish, oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan bo‘lajak jurnalistlarga bugungi zamon va islohotlar talabi asosida bilim berish eng muhim masalalardan biridir.

Hozirgi davrda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari asosiy axborot manbai hisoblanadi. Afsuski, davlat tashkilotlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar va yangiliklar o‘z vaqtida yoritilmayapti.

Shuni hisobga olib, Agentlik tomonidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari maqomi va mavqeini oshirish bo‘yicha Prezident qarori loyihasi tayyorlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi keyingi uch-to‘rt yildan beri ochiqlik siyosatini amalga oshirib kelmoqda. Shu yilning o‘zida bir qator xorijiy axborot agentliklari, jumladan, “Voice of America”ning o‘zbek xizmati, “Fergana”, “Eurasianet”, “China News Service” va boshqa tashkilotlarning muxbirlari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.


Fuqarolarimiz “Voice of America”, “Amerika ovozi”, “BBC Uzbek”, “Deutsche Welle”, “Amnesty International”, “Human Rights Watch”, “Reporters sans frontieres”, “Eurasianet.org”, “AsiaTerra”, “Fergana Agency”, “Centre1”, “Uzmetronom” kabi veb-resurslardan ochiq foydalana boshladi. Umuman, bugun ushbu axborot vositalarining respublikamizda erkin faoliyat olib borishlari uchun barcha huquqiy shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Lekin shunga qaramasdan, ayrim ommaviy axborot vositalari jurnalistik etikaning umum qabul qilingan me’yorlariga zid ravishda faoliyat yuritayotganini qayd etib o‘tmoqchiman. Agentlik tomonidan bunday chiqishlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirilmoqda. Biz ochiq muloqot, to‘g‘ri va xolis axborot tarqatilishi tarafdorimiz. Boshqalardan ham shunday yo‘l tutishni so‘raymiz.

Har bir kishi va har qanday ommaviy axborot vositasi axborotni izlash, olish va uni tarqatishda yaratib berilgan erkinlik va imkoniyatdan to‘g‘ri foydalangan holda, axborot sohasiga oid qonun hujjatlariga rioya etish mas’uliyatini ham unutmasligini eslatib o‘tamiz. Bizning maqsadimiz ham aslida shu.

O‘ylamanki, bugungi tadbirda ishtirok etayotgan deputat va senatorlarimiz, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbar va mas’ul xodimlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, shuningdek, jurnalist va blogerlarimiz kun tartibiga kiritilgan masalalarni muhokama qilishda faol qatnashishadi.

Ular tomonidan bildiriladigan fikr, mulohaza va takliflar axborot sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirish, davlat organlari ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov

Baholaganlar

12

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing