Komilov nega Oliy sud raisligidan ketgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
10 avgust 2022
21835O‘zbekiston Oliy sudi raisi Kozim Komilov salomatligi tufayli o‘z xohishi bilan lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining sudyalar almashinuvi munosabati bilan o‘tkazilgan o‘ttizinchi yalpi majlisida aytib o‘tildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozim Komilov salomatligi tufayli o‘z xohishi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etishni so‘rab murojaat qilgan”, deyiladi yuqori palata Matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Oliy sud raisi Kozim Komilov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Prezident uning nomzodini Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga ko‘rsatdi. Oliu sud raisi etib Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov saylandi.
Qayd etish kerakki, Komilov joriy yilning 13 iyun kuni Oliy Majlis Senatining yigirma yettinchi yalpi majlisida Oliy sud raisi lavozimiga qayta saylangan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Komilov Kozimjon Fozilovich nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimiga navbatdagi muddatga saylash uchun Senatga taqdimnoma kiritgandi. Ushbu taqdimnoma senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilib, tasdiqlangandi.
Ma’lumot o‘rnida, Kozimjon Komilov 2017 yilning may oyidan buyon mamlakat Oliy sudi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Oliy sud raisi har 5 yilda bir marta saylanadi.
LiveBarchasi