Komilov Lavrov bilan Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifini muhokama qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga bo‘lajak davlat tashrifini muhokama qildi. Unda davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlarni imzolashga tayyorgarlik jarayoni ko‘rib chiqildi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda. 

Ikki mamlakat tashqi diplomatiyasi idoralari rahbarlari uchrashuvi kecha, 10 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan. SHHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun Rossiyaga borgan Komilov ayni vaqtda Moskvada bo‘lib turibdi. 

Suhbat davomida O‘zbekiston-Rossiya kun tartibining asosiy masalalari hamda ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashilgan.

“Tomonlar izchil mustahkamlanayotgan va hamkorlikning yangi shakllariga ega bo‘layotgan ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni yuqori sur’atlarda rivojlanayotganidan mamnun ekanliklarini ma’lum qildilar”, deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida. 

Turli daraja va shakllarda, jumladan O‘zbekistonning MDHdagi raisligi doirasida bo‘lib o‘tadigan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlarning tashkiliy jihatlari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘lgan. 

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini faollashtirish bo‘yicha amaliy takliflarni ko‘rib chiqilgan. Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki mamlakat hukumatlari tomonidan pandemiya sharoitida ushbu yo‘nalishdagi faollikning pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni ijobiy baholaganlar. 

Madaniy-gumanitar sohada, ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. 
 
Shuningdek, mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun munosib sharoitlarni yaratish masalasiga alohida to‘xtalingan.

Vazirlar oliy va yuqori darajadagi aloqalar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonlarini ham muhokama qildilar.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov Sergey Lavrov

Baholaganlar

83

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing