Komilov Berdimuhamedov bilan uchrashdi
Jamiyat
−
17 avgust 2019
2583Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tashqi ishlar idoralari rahbarlari darajasidagi maslahatlashuvlarning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Turkmanistonga borishi haqida xabar bergan edik.
Abdulaziz Komilov Turkmanistonga tashrifi davomida mamlakat Prezidenti Gurbanguli Berdimuahamedov tomonidan qabul qilindi. Bu haqda TIV Matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir birinchi Kaspiy iqtisodiy forumining muvaffaqiyatli o‘tgani munosabati bilan Turkmaniston Prezidentiga O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning otashin salomi va samimiy tabriklarini yetkazdi. Mazkur forumda O‘zbekiston Bosh vaziri rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomon kun tartibining asosiy masalalari, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston aloqalarini yana rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ikki mamlakat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi sabab O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik faollashmoqda. Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra savdo aylanmasi 257 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,8 marta ko‘p hisoblanadi.
Suhbat davomida BMT, MDH, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi hamda boshqa global va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi aloqalarga doir masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.