Komilov AQSHda Blinken bilan muzokara o‘tkazdi

Jamiyat

image

Joriy yil 6-9 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ldi. O‘zbekiston TIV rahbari Vashingtonga tashrifi doirasida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda strategik sheriklik munosabatlarining 20 yilligi munosabati bilan o‘zaro tabriklar almashilgan.

Vazir Abdulaziz Komilov va Davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekiston-AQSH munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning dolzarb masalalari, jumladan, qo‘shni Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni ham muhokama qilgan. “S5+1” shakli doirasida mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHda bo‘lishi davomida Amerika administratsiyasi vakillari, Kongress a’zolari, ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan ham uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazgan.

Amerika-O‘zbekiston Savdo palatasi a’zolari bilan uchrashuvda O‘zbekiston tomoni Amerika ishbilarmon doiralari vakillariga 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining asosiy qoidalari, respublikada iqtisodiyotni tubdan isloh qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdgan. Tadbir davomida AQSH kompaniyalarining respublikadagi islohotlar jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari ham muhokama qilingan. Bundan tashqari, joriy yilning 24-26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) ishida Amerika kompaniyalarining keng ishtiroki bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashi, Jorj Vashington universiteti, Texas A&M universiteti, Kaliforniyadagi Berkli universiteti rahbariyati va ekspertlari bilan muloqotlar uyushtirilgan. Uchrashuvlarda mahalliy mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash maqsadida ikki davlat o‘rtasida universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, akademik va ilmiy almashinuvlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Strategik sheriklik muloqotining ilk uchrashuvi o‘tgan yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov

Baholaganlar

249

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing