Komilov Afg‘oniston bo‘yicha aravani quruq olib qochmaslikka chaqirmoqda

Jamiyat

image

Afg‘oniston muammosini hal etishda quruq gapdan amaliy ishga o‘tish lozim. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun, 7 dekabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimidagi missiyasini yakunlayotgan Jumaxon G‘iyosov bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi. 

“Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirganda bugungi kunda quruq so‘zdan amaliy ishlarga o‘tish vaqti keldi. Chunki qish yaqinlashmoqda va mamlakatdagi vaziyatning beqarorlashishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar falokatning oldini olish uchun afg‘on xalqiga aniq yordam ko‘rsatish nihoyatda muhim hisoblanadi”, deydi Komilov. 

Uchrashuvda qayd etilishicha, O‘zbekiston tashkilotga a’zo davlatlarning terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashdagi o‘zaro hamkorligini ta’minlash bo‘yicha SHHTning asosiy organi bo‘lgan MATT faoliyatiga katta ahamiyat qaratmoqda. 

Komilov G‘iyosovning tashkilotni yanada rivojlantirish va SHHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ijobiy sur’atini ta’minlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholagan. 

O‘z navbatida, G‘iyosov o‘z missiyasini muvaffaqiyatli bajarish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, 2022 yil 1 yanvardan SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimida O‘zbekiston vakili Ruslan Mirzayev faoliyatini boshlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov Jumaxon G'iyosov

Baholaganlar

173

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing