Komilov afg‘on inqirozi va O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosati haqida gapirdi
Intervyu
−
27 avgust 2020
6968Afg‘onistonda 40 yildan ortiq davom etib kelayotgan urush alangasiga o‘tgan ikki yilda biroz suv sepilgandek bo‘ldi. Rasmiy Qobul “Tolibon” bilan bir necha sulhlarga erishdi. Ammo, mamlakatdagi beqaror vaziyat to‘liq o‘nglandi deyish qiyin. Afg‘onistondagi tinchlik sulhi, o‘zaro murosada esa rasmiy Toshkentning o‘rni katta. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning fikricha, O‘zbekiston Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi boshqa inqirozli vaziyatlar fonida qolib ketgan Afg‘oniston muammosini yana kun tartibiga olib chiqqan. Bu haqda O‘zbekiston tashqi diplomatiyasi rahbari “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonni Markaziy Osiyo mintaqasining bir qismi hisoblaydi.
“O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-sivilizatsion makonda yashab kelgan. Afg‘oniston hududida Beruniy, Navoiy, Bobur kabi ko‘plab mutafakkir olimlarimiz yashagan va o‘zidan ulkan meros qoldirgan”, deydi vazir.
Komilov bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanib borayotganini qayd etib, Afg‘oniston xavfsizligini O‘zbekiston xavfsizligi, butun mintaqaning barqarorligi va farovonligi kafolati deb qabul qilinayotganini urg‘ulagan.
Abdulaziz Komilov so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim yo‘nalishlarida qanday ishlar amalga oshirilganiga to‘xtalarkan, bunda Afg‘oniston masalasiga alohida e’tibor qaratadi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘onistonda nafaqat tinchlikni tiklash, balki iqtisodiy o‘sishga ham turtki bo‘lmoqda.
“O‘zbekiston tomonlar o‘rtasidagi muloqotga ko‘maklashib, Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishda faol ishtirok etmoqda, shuningdek, Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash va ushbu mamlakatni mintaqaviy hamda xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlarga jalb qilishga yordam beradigan muhim iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosati Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish istiqbollari qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikka erishish bilan chambarchas bog‘liqligini anglashga asoslanadi”.
Abdulaziz Komilovga ko‘ra, o‘tgan 10 yillikda Afg‘oniston muammosi boshi ber ko‘chaga kirib qolgan. Siyosatdon uning yana kun tartibiga chiqishida, O‘zbekiston va Prezident Mirziyoyevning hissasini alohida e’tirof etadi.
“Ta’kidlash joiz, Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni uzoq vaqt davomida boshi berk ko‘chada qolib ketdi. Bundan ham achinarlisi shundaki, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi boshqa inqirozli vaziyatlar fonida Afg‘onistondagi urush jahon hamjamiyati e’tiboridan butunlay chetda qoldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan dunyo miqyosidagi ushbu o‘tkir muammoni xalqaro hamjamiyat kun tartibiga qayta kiritishga erishildi”, deydi vazir.
O‘zbekiston Afg‘oniston muammosini hal etishdagi ildam qadamni 2018 yilning mart oyida tashladi. Bu navbatdagi tadbirbozlik emas, balki rasmiy Qobul va “Tolibon” o‘rtasida tuzilajak sulhning debochasi bo‘ldi, deyish mumkin. 2018 yil 26-27 mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar vakillari ishtirok etdi. Komilov ushbu konferensiyaning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishdagi ahamiyati haqida shunday deydi:
“Afg‘onistondagi mojaroni hal qilishga ko‘maklashish, qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yo‘lga qo‘yish Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalasi va afg‘on muammosini hal etishdagi strategik qarashlariga, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan mamlakat tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab olinganiga asoslanadi.
Amaliy jihatdan Toshkent forumi boshlanishi arafasida Prezidentimizning AQSH, Rossiya, Xitoy rahbarlari, mintaqa mamlakatlari – Hindiston, Pokiston, Eron hamda Markaziy Osiyo davlatlari va tabiiyki, Afg‘oniston yetakchilari bilan muhim shaxsiy uchrashuvlari va maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Toshkent konferensiyasining asosiy natijasi va muvaffaqiyati afg‘on inqirozini hal qilish masalasida umumiy xalqaro yondashuvni ishlab chiqish va tasdiqlashga erishilganidadir. Bularning barchasi afg‘on muloqotiga aloqador davlatlarning mutlaq ko‘pchiligi tomonidan tan olingan Toshkent deklaratsiyasida o‘z aksini topdi.
Toshkent konferensiyasi va umuman O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosati afg‘on mojarosini hal qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarning faollashishiga, tinchlik jarayonini ilgari surishga qaratilgan mintaqaviy savdo-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarga ushbu mamlakatni jalb qilishga olib keldi.
Shu kunlarda Afg‘oniston qator davlatlar, shu jumladan O‘zbekistonning faol ko‘magida Qatar poytaxti Dohada keng qamrovli afg‘onlararo muzokaralarni boshlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Qirq yillik eng shafqatsiz va halokatli urushdan keyin birinchi marta afg‘on xalqi o‘z mamlakatining tinch kelajagiga haqiqatan umid qilmoqda”.
LiveBarchasi