Abdulaziz Komilov Yevropa kengashi rahbariyati bilan uchrashdi
Olam
−
24 fevral
2856O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyasi Bryusselda Yevropa kengashi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Abdulaziz Komilov Yevropa kengashi Prezidenti kabinet rahbari Pedro Lurti, Ittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Vivian Lunella, shuningdek, Yevropa ittifoqining terrorizmga qarshi kurash koordinatori Bartyan Vegter bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, Pedro Lurti bilan suhbat chog‘ida joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan "Markaziy Osiyo – Yevropa ittifoqi" sammiti doirasida mintaqalararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
“Dunyo” axborot agentligining yozishicha, Bartyan Vegter bilan uchrashuvda terrorizm va radikallashuv tahdidlariga qarshi kurashish borasidagi hamkorlik masalalari hamda Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan. YeI koordinatori O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek, afg‘on xalqining tinch hayotini tiklashga ko‘maklashishda muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Toyvo Klaar bilan uchrashgan, va aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitiga ko‘rilayotgan ikki tomonlama tayyorgarlik masalalarini muhokama qilgandi.
LiveBarchasi