Komilov harbiy inqiroz, siyosiy egoizm va global “o‘yinchi”lar haqida gapirdi

Intervyu

image

Ma’lumki, pandemiya ortidan iqtisodiy tangliq, qashshoqlik, oziq-ovqat yetishmovchiligi, urush va namoyishlarni yetaklab keldi. Dunyoning yetakchi mamlakatlari o‘rtasidagi ziddiyat ortmoqda. Siyosiy inqirozlar kuzatilmoqda. Qirg‘izistondagi vaziyat, Turkiya va Yevropa mamlakatlari, jumladan Gretsiya va Fransiya bilan kuzatilayotgan sovuq munosabatlar, Xitoy va AQSH kelishmovchiligi, Qorabog‘da boshlangan urush, Belarusdagi beqarorlik faqat bir mintaqaga emas, balki butun dunyoga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning qayd etishicha, “turli global “o‘yinchi”lar o‘rtasidagi xalqaro siyosiy nomutanosibliklar dunyo miqyosidagi ishlab chiqarish va mahsulotlarni sotish zanjirlarining buzilishi, erkin savdoga zarar yetishi, investitsiyalar oqimi va iqtisodiy aloqalarning susayishiga olib kelmoqda”. Bu haqda u “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida gapirgan.  

“Koronavirus pandemiyasi keng miqyosli va ko‘rinib turgandek, uzoq muddatli ta’sir kuchiga ega, bir kecha-kunduzda tugamaydigan global hodisa sifatida allaqachon zamonaviy dunyo jarayonlarining barcha sohalari — siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ekologiya, inson taraqqiyotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab mamlakatlarda sog‘liqni saqlash inqirozi shu paytgacha mavjud bo‘lgan iqtisodiy muammolar, ijtimoiy va gender tengsizlikni yanada kuchaytirdi, bugun qator mintaqalar duch kelayotgan tabiiy ofatlarning salbiy ta’sirini oshirdi. Shuningdek, u davlatlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va xalqaro faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini o‘zgartirishga yoki tuzatishlar kiritishga majbur qildi. Bunday sharoitda insoniyatning turmush tarzi ham o‘zgarib bormoqda. 

Shu sababli atrofimizdagi tez o‘zgarayotgan dunyo haqida gapirganda uning nafaqat “pandemik o‘lchovi”, balki o‘zaro bog‘liq bo‘lgan yangi hodisalarning butun bir jamlanmasini nazarda tutish kerak. Ular turli mamlakatlarning ichki hayotini, xalqaro siyosat, dunyo iqtisodiyoti, jahon xo‘jalik munosabatlarini, shuningdek, global axborot, texnologik va ijtimoiy-gumanitar aloqalarni qamrab olmoqda. Umuman olganda, so‘z shakllanayotgan sifat jihatidan yangi xalqaro munosabatlar tizimi, ehtimol tubdan o‘zgargan yangi dunyo tartibi haqida ketmoqda. 

Ushbu munosabatlar nafaqat siyosiy, iqtisodiy asoslarni, balki, e’tibor qaratmoqchimanki,  zamonaviy dunyo tartibi qadriyatlarini jiddiy qayta ko‘rib chiqish jarayonida shakllanmoqda. Aniqroq qilib aytganda, buni, masalan, ayrim davlatlarning milliy egotsentrizm, deb atalmish xususiyatlari kuchayishida, ko‘plab hukumatlarning, avvalambor, o‘z mamlakatlari yoki hatto ularning alohida siyosiy doiralarining manfaatlarini ta’minlashga intilishida ko‘rish mumkin. Shunday ham ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar rivojlanish bosqichi jihatidan sezilarli darajada farq qiladigan davlatlarning tengsizligi tobora kuchaymoqda”, deydi Abdulaziz Komilov.

O‘zbekiston tashqi diplomatiyasining yetakchi so‘zida davom etarkan, davlatlar o‘rtasida o‘zaro muammolar xalqaro darajadagi masalalarni hal yetishda to‘siq bo‘layotganini qayd etadi. 

“Ayrim davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar chuqurlashib, axborot, texnologik, sanksiyaviy urushlarning yanada keskin bosqichlariga aylanib bormoqda. Biz dunyoning turli mintaqalarida zo‘ravonlik va harbiy inqirozning avj olishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. 

Afsuski,  bularning barchasi dunyoning yetakchi davlatlari munosabatlaridagi tizimli keskinliklar muhitida sodir bo‘lmoqda. Biror bir davlatni chetlab o‘tmagan pandemiya sharoitida ushbu keskinlik umumjahon muammolariga yechim topishga, jumladan, kambag‘allik, qashshoqlik va ochlik, xavfli kasalliklar va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.  COVID-19 ning chegara yopilishi, karantin zonalari belgilanishi, ta’minotning uzilishi va boshqa ko‘rinishdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri bilan birga, turli global “o‘yinchi”lar o‘rtasidagi xalqaro siyosiy nomutanosibliklar dunyo miqyosidagi ishlab chiqarish va mahsulotlarni sotish zanjirlarining buzilishi, erkin savdoga zarar yetishi, investitsiyalar oqimi va iqtisodiy aloqalarning susayishiga olib kelmoqda”, deydi Komilov. 

Abdulaziz Komilovga ko‘ra, xalqaro maydondagi qoidalar yanada qat’iylashishi mumkin. O‘zbekiston davlatlararo munosabatlardagi siyosiy egoizm ortda qolib, dunyoning barcha yetakchilari tomonidan pandemiyaga qarshi kurashish va boshqa umumiy muammolarni hal qilish jarayoni sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, hamjihatlik va birdamlikni talab qilayotganini anglanishiga umid qilayotganini urg‘ulaydi vazir. 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov

Baholaganlar

106

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing