Abdulaziz Komilovning o‘g‘li yana bir kompaniya egasiga aylandi
Jamiyat
−
07 iyul 2023
34024O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilov Rossiyadagi Ural kon-metallurgiya kompaniyasining benefitsiar egasi bo‘ldi. Bu haqda kompaniyaning 2022 yilgi hisobotiga tayanib, “Forbes” xabar berdi.
Unda aytilishicha, Ural kon-metallurgiya kompaniyasi ochiq aksiyadorlik jamiyatiga (UKMK OAJ) asli o‘zbekistonlik Rossiya fuqarosi, milliarder Iskandar Mahmudov va uning hamkorlari tomonidan asos solingan.
Doniyor Komilov esa bir vaqtning o‘zida “Kuzbassrazrezugol” va Rossiyaning eng yirik shahar atrofi temir yo‘l tashuvchisi – “Markaziy shahar atrofi yo‘lovchilar kompaniyasi” aksiyadori hisoblanadi.
“2022 yil 14 martda Ural kon-metallurgiya kompaniyasi veb-saytida qisqacha xabar paydo bo‘ldi. Unda “Ural kon-metallurgiya kompaniyasi korporativ tuzilmadagi o‘zgarishlarni e’lon qilib, I.K. Mahmudov va A.R.Bokarev UKMK OAJ, “Kuzbassrazrezugol” boshqaruv kompaniyasi, “Vostochniy port” OAJ, “Rosterminalugol” OAJning nazorat qiluvchi benefitsiarlari ro‘yxatidan chiqdi. Shuningdek, ular ushbu kompaniyalarning direktorlar kengashlarini ham tark etdi. Bir oy o‘tgach, Mahmudov va Bokarev Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi”, deya dastlabki ma’lumotlar bilan bo‘lishgan “Forbes”.
Shundan so‘ng, bir necha oy o‘tgach, 2022 yil iyul oyida hamkorlardan yana biri Andrey Kozitsin UKMK bosh direktori lavozimini tark etgan. Qaror “kelajakda xorijiy davlatlar tomonidan shaxsiy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi munosabati bilan” qabul qilingan bo‘lib, UKMK guruhi kompaniyalariga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan bilvosita sanksiyalarni bartaraf etishga qaratilgan. 2022 yil iyul oyi oxirida Yevropa Ittifoqi Kozitsinni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.
2021 yilgacha Mahmudov, Kozitsin va Bokarev UKMKning 85% ulushiga ega bo‘lgan Kiprning Selmareco Limited kompaniyasini nazorat qilib kelgan. O‘z navbatida UKMK “Kuzbassrazrezugol” ko‘mir kompaniyasining 52,7% ulushiga ega edi.
2022 yil natijalariga ko‘ra, mazkur kompaniya 44 million tonnadan ortiq ko‘mir qazib olib, bu bo‘yicha Rossiyada 2-o‘ringa chiqib olgan.
“Mahmudov, Kozitsin va Bokarev boshqa Kipr ofshor kompaniyalari orqali “Kuzbassrazrezugol”ning yana 35% ulushlariga ega bo‘ldi. Kiprning yana bir xoldingi Starlion Limited Uzoq Sharqdagi “Vostochniy port” va Boltiqbo‘yidagi “Rosterminalugol” ko‘mir terminallarini nazorat qilgan. Mahmudov, Kozitsin va Bokarevning ushbu biznesdagi samarali umumiy ulushi taxminan 77 foizni tashkil etdi”, deya yozilgan maqolada.
2022 yil oxirida UKMK bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy aktivlarning umumiy daromadi “Kuzbassrazrezugol”, Ugol-Trans logistika kompaniyasi, “Rosterminalugol” va “Vostochniy porti” bilan birga deyarli 890 milliard rublni tashkil etdi, umumiy sof foyda 190 milliard rubldan oshdi.
Ma’lumot uchun, Doniyor Komilov 1972 yilda tug‘ilgan, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti va Moskva davlat universitetini tamomlagan. U “Gazprombank”ning birinchi vitse-prezidenti sifatida ishlab, bank va uning sho‘’ba korxonalariga tegishli OMZ mashinasozlik xoldingi direktorlar kengashlari a’zosi bo‘lgan. 2018 yilda “Kommersant” gazetasi Doniyor Komilovga aloqador shaxslar O‘zbekistonda yiliga 4 million tonnaga yaqin ko‘mir qazib chiqaradigan “O‘zbekugol” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi ostidagi aksiyalarni olishi mumkinligini yozgan edi. 2022 yil fevral oyida Komilovning kompaniyalaridan biri O‘zbekistondagi eng yirik spirtli ichimliklar zavodini sotib oldi. 2023 yil fevralida esa Komilovga tegishli First Premium Alliance korxonasi 277 mlrd so‘mga “Qo‘qon biokimyo” aksiyadorlik jamiyatini, undan avvalroq uning boshqa kompaniyasi esa O‘zbekiston madaniy meroslari ro‘yxatida turgan Toshkent markazidagi sobiq DXX binosini sotib olgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Doniyor Komilovning otasi O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov esa 2022 yil 27 apreldan 16 iyungacha – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2022 yil 16 iyundan – O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga tayinlangan. Shuningdek, Abdulaziz Komilov O‘zbekiston SSSR Kommunistik partiyasi rahbari Sharof Rashidovning kuyovidir.
LiveBarchasi