Komil Rashidov Jeenbekov bilan xayrlashdi
Jamiyat
−
06 Sentabr 2019
4163Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov kecha, 5 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Qirg‘iziston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Komil Rashidovni mamlakatdagi diplomatik vakolatini yakunlagani munosabati bilan qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari bugungi kunda Qirg‘iziston-O‘zbekiston hamkorligi eng yuqori darajada ekanligini, strategik sheriklik o‘rnatilganini, yaxshi qo‘shnichilik aloqalari rivojlanib borayotganini, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiq tobora ko‘payayotganini, qo‘shma korxonalar tashkil etilayotganini, transchegaraviy hamkorlik rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
U ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Komil Rashidovga minnatdorlik bildirdi.
Qirg‘izistondagi faoliyatini yakunlagan Komil Rashidov Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Bosh vazir maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti mudiri etib tayinlandi.
Prezident Sooronbay Jeenbekov Komil Rashidovni Bosh vazirning maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti mudiri lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi va unga muvaffaqiyat tiladi.
O‘zbekiston elchisi Komil Rashidov Sooronbay Jeenbekovga va qirg‘iz tomoniga mamlakatdagi diplomatik vakolatxonaning samarali faoliyatiga hissa qo‘shgan qulay sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
LiveBarchasi