Komendantlik soati nima? Uni qaysi davlatlar boshidan kechirgan? 

Tahlil

image
O‘zbekistonda favqulodda holat e’lon qilish tartibi qanday?  north_east

O‘zbekistonda favqulodda holat e’lon qilish tartibi qanday? 

Dunyo bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus kasalligi kunning bosh mavzusi bo‘lib turibdi. Kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida qat’iy choralar ko‘rilmoqda. O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 24 mart soat 00:01 dan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi.  

Mamlakatdagi qaltis vaziyatda ko‘pchilik tomonidan bir savol ko‘p bora berilmoqda – bizda komendantlik soati joriy etiladimi? Bu nima degani? Keling, ushbu maqolamizda bu tushunchani oydinlashtirib olaylik va tarixdagi eng mashhur komentdantlik soatlari bilan tanishaylik. 

Komendantlik soati o‘zi nima?

Komendantlik soati degan tushuncha bo‘yicha qonun normalarida aniq to‘xtam mavjud emas. Biroq komendantlik soati bo‘yicha ko‘pchilikda tushuncha shakllanib ulgurgan, shu sababli ko‘p bora tilga olinadigan ta’riflardan umumlashtirib o‘tamiz.

Komendantlik soati – favqulodda vaziyat, urush yoki aholi uchun xavf tug‘diruvchi boshqa holatlarda sutkaning biror vaqtida ko‘chalarda, jamoat joylarida bo‘lishni taqiqlash hisoblanadi. Biroq bu vaziyatda ma’lum bir ruxsat berilgan shaxslarga istisno etiladi. Bu cheklovni amalda bajarilishi uchun maxsus politsiya yoki qurolli qo‘shin jalb etiladi. 

Koronavirus kasalligi pandemiya darajasiga chiqqanidan so‘ng, butun dunyo bo‘ylab vaziyat izdan chiqdi. Shu sababli, qo‘shni davlatlardan Qirg‘izistonda joriy yil 25 martdan boshlab komendantlik soati joriy etildi. Qirg‘iziston Prezidenti Sooranbay Jeenbekov 15 aprelgacha bu jarayon davom etishi bo‘yicha qaror qabul qildi. O‘zbekistonning shimolida joylashgan Qozog‘iston ham Nur-Sulton va Olma-ota shaharlarida komendantlik soatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, aholi va jamoat transportlarining harakatida cheklovlar joriy etildi.

Bunday holatlar tarixda ham hech kuzatilganmi? Keling, bir necha misollar bilan o‘rtoqlashsak.

Chili – diktatorning hokimiyatga kelishi 

1973 yil 11 sentyabr kuni Chilida general-kapitan Augusto Pinochet amaldagi Prezident Salvador Al’endega qarshi davlat to‘ntarishini amalga oshiradi. Bu shunchaki norozilik namoyishi emas, haqiqiy harbiy terror edi. Ushbu davlat to‘ntarishi o‘ta puxta o‘ylangan harbiy operatsiya singari tashkil qilingan. Prezident saroyi raketalar bilan o‘qqa tutilgan. Harbiylar orasida bu qonxo‘rlikka qarshi chiqqanlar ayovsiz otib tashlangan. 

Chilida ushbu suronli davrda aholi ko‘chaga chiqishi taqiqlangan, jamoat transportlari to‘xtatilgan. Mamlakatda favqulodda holat hukm surgan.

“GKCHP” – SSSR parchalanishidagi kulminatsiya  

1991 yil 18 avgustdan 21 avgustgacha o‘zboshimchalik bilan tuzilgan bu tashkilotda SSSRning ko‘plab yuqori lavozimdagi amaldorlari o‘tirar edi. SSSR favqulodda vaziyatlar davlat qo‘mitasi Prezident Gorbachyovning Suveren Davlatlar ittifoqi deya nomlanayotgan yangi konfederativ shakldagi ittifoqni tuzishga rozi bo‘lmayotgani sabab bo‘ladi. Bu tashkilot tish-tirnog‘i bilan Sobiq Sovet davlati to‘liq parchalanishiga qarshi edi. 

1991 yil 20 avgust kuni qo‘mita tarafdorlaridan biri generali Kalinin Moskvada komendantlik soati e’lon qiladi. Biroq yangi Prezident Yelsin va uning tarafdorlari vaziyatni qo‘lga olgani bois, bu holat o‘sha kuniyoq bekor qilinadi. 

Parijni larzaga keltirgan terakt  

2015 yil 13 noyabr kuni Parij shahrida mudhish voqea sodir bo‘ldi. “Stad-de Frans” stadionidagi portlash, “Bataklan” konsert zali va bir necha restoranlardagi aholiga qarata o‘q uzishlar natijasida 150 ga yaqin inson nobud bo‘ldi. 200 ga yaqin kishi yaralandi. Bu teraktni ISHID amalga oshirganini o‘z bo‘yniga oldi. 

Bu shafqatsizlik ortidan kelgan yo‘qotishlarni Parij Ikkinchi jahon urushidan beri boshidan o‘tkazmagan edi. Bu kun tarixga “fransuz 11 sentyabri” deya muhrlandi. Shaharda favqulodda holat e’lon qilindi. 2005 yilgi ommaviy tartibsizliklardan beri shaharda kommendantlik soati birinchi marta joriy etilgan edi.     

378 bola otasiz va onasiz qoldirgan tun

2016 yilning 15 iyul kuni Turkiya ham ana shunday mudhish tunni boshdan kechirdi. Mamlakatning mavjud konstitutsion tuzumini ag‘darishga shaylangan terrorchi guruhlar eng avval bosh telekanal hisoblangan TRT binosini qo‘lga olib, efir orqali mamlakat hokimiyati egallangani, to izn berilmaguncha uydan chiqish taqiqlanganini e’lon qilingan.

Hammasi soat 20:00dan keyin boshlangan. Mamlakat poytaxti Anqaraning sayyohlar va mahalliy aholi eng gavjum bo‘lgan nuqtasi – Qiziloy maydonida odamlar o‘qqa tutildi. Parlament binosi bombalandi. Istanbuldagi Bo‘g‘oz ko‘prigi yopib qo‘yildi, mamlakatda harbiy kuchlar tomonidan “Sulh operatsiyasi” boshlangani e’lon qilindi.  

Bu voqealar boshlangan vaqtda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Marmarisda dam olayotgan edi. U tunab qolgan mehmonxonaga ham hujum uyushtirildi. Tasodifki, Erdo‘g‘an hujum ro‘y bergan vaqtda mehmonxonani tark etgandi. 

Oradan ko‘p o‘tmay Rajab Toyib Erdo‘g‘an Skype orqali CNN TURK telekanalida chiqish qildi va turk xalqini birlashishga, mamlakat mustaqilligini saqlab qolishga, ko‘chalarga chiqib, demokratik hokimiyatni ag‘darmoqchi bo‘lgan xoinlarga qarshi turishga chaqirdi. Olomon ko‘chalarga yoyildi. Nafaqat erkaklar, ayollar, yosh qizlar, bolalar ham qo‘lida bayroq bilan ko‘chalarga chiqdi. O‘ziga qarata o‘qtalingan qurollar, tanklarni xoinlar qo‘lidan olishga urindi va buning uddasidan chiqdi. Qurolli to‘qnashuvlar 251 kishi qurbon bo‘ldi, 2740 kishi jarohatlandi. 378 bola otasiz va onasiz qoldi. 

Ushbu davlat to‘ntarishiga harakat ayni damda AQSHning Pensilvaniya shtatida istiqomat qilib kelayotgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik guruhi va uning davlatdagi korchalonlari orqali amalga oshirilgani ma’lum qilindi.

Yuqoridagi misollar bilan koronavirus pandemiyasini solishtirish niyatidan yiroqmiz. Yuqoridagi komendantlik soatlari aynan biror shahar hududida e’lon qilingan va cheklov vaqtlari ham bir necha kun davomida hukm surgan, xolos. Koronavirus balosidan esa yer yuzining deyarli barcha mintaqalari aziyat chekmoqda. Dunyo hali bunday pandemiya darajasidagi baloni ko‘rmagan. Sayyoramiz va mamlakatimiz boshidan bu balo tezroq ketishini tilab qolamiz.  


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Nur-Sulton SSSR Olma-ota Komendant GKChP

Baholaganlar

135

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing