Kolumbiya dahshati: zilzila qurbonlari soni 250 nafardan oshdi (fotoreportaj)
Olam
−
12:05 1040 2 daqiqa
Joriy yilning 10 avgust kuni Kolumbiyaning g‘arbiy hududlarida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 250 nafardan oshdi. Qutqaruvchilar vayronalar ostidagi tirik qolganlarni topish uchun tunu kun ish olib bormoqda. Bu haqda bugun, 12 avgust kuni “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 7,4 magnitudali zilzila Kolumbiyaning qahva yetishtiriladigan hududlarini larzaga keltirgan. Yer silkinishi mamlakatda so‘nggi 100 yillikda yuz bergan eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri sifatida baholanmoqda.

Ma’lumotlar qurbonlar soni 254 nafarga yetganini ko‘rsatgan. Ulardan 101 nafari qahva yetishtiriladigan hudud markazidagi Pereyra shahrida, yana 95 nafari mamlakatning uchinchi yirik shahri Kaliyda halok bo‘lgan.

Zilzila oqibatida ko‘plab turar joylar, maktablar, shifoxonalar va sog‘liqni saqlash markazlari jiddiy zarar ko‘rgan. Ayrim binolar qulagan, boshqalari esa qiyshayib qolgan.

Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan insonlarni aniqlash uchun ish vaqtida sukut saqlashni so‘rab, ularning ovozini eshitishga urinmoqda. Maxsus texnika bilan bir qatorda, qutqaruvchilar ayrim joylarda vayronalarni qo‘llari bilan ham tozalamoqda.

Zilzila epimarkaziga yaqin joylashgan, Tinch okeani sohilidagi Choko hududida yashovchi ko‘plab mahalliy aholi hali ham elektr energiyasi va asosiy xizmatlardan mahrum. Bu esa qutqaruv ishlarini yanada qiyinlashtirmoqda.
Tabiiy ofat yangi Prezident Abelardo De La Espriyella lavozimga kirishganidan bir necha kun o‘tib, sodir bo‘lgan. Prezident zarar ko‘rgan hududlarga borib, uy-joyidan ayrilgan fuqarolarga iqtisodiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.

Qutqaruv ishlari 10 avgustdan beri davom etmoqda. Mutaxassislar kranlar va ekskavatorlardan foydalanmoqda, ayrim hududlarda esa odamlar jonli zanjir hosil qilib, vayronalar qoldiqlarni chelaklarda tashib chiqarmoqda.
Pereyra shahridagi mahalliy aholidan biri Roza Gonsales zilzila vaqtida eri va 10 oylik chaqalog‘i bilan binodan chiqishga ulgurganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bino avvaliga g‘ichirlay boshlagan, ular tashqariga yugurib chiqqanidan ko‘p o‘tmay esa bino qulagan.

Gonsalesning aytishicha, binodagi 8 kishi tirik qolgan, biroq keksa erkak ayvonda qolib ketgan va u halok bo‘lganlar orasida bo‘lishi mumkin.

Pereyra aeroportiga endigina yetib kelgan ijtimoiy tarmoq faoli Xose Gallego ham zilzilaga duch kelgan. U hodisani jonli efir vaqtida tasvirga olgan. Videoda kuchli silkinishlar, shift qismlarining qulashi va uning stol ostida yashiringani aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kolumbiyaning g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida 100 dan ortiq kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi