Bosh vazir o‘rinbosari – XQQ raisi lavozimi tugatildi
Jamiyat
−
19 fevral 2020
11185O‘zbekiston Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan quyidagi lavozimlar joriy etildi:
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasida Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimi;
• viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalarida hokim o‘rinbosarlari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari lavozimi;
• tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalarida hokim o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i lavozimi.
• Bosh vazir o‘rinbosari, Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari, tegishli hokim o‘rinbosarlari sanalgan xotin-qizlar qo‘mitalari raisi lavozimlari tugatildi.
Farmonga ko‘ra, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi oila, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Vazirlik xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarga har tomonlama ko‘maklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga mas’ul hisoblanadi.
Vazirlikning hududiy bo‘linmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari – Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari raislari, hududiy bo‘linmalar boshliqlarining tegishli o‘rinbosarlari – Nuroniylar jamoatchilik kengashlari raislari etib belgilanadi.
Shuningdek, endilikda fuqarolar yig‘ini raisi besh yil muddatga saylanadi.
Mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e’lon qilindi.
LiveBarchasi