Kobulda portlash: maktab o‘quvchilari halok bo‘ldi. G‘ani “Tolibon”ni ayblamoqda
Olam
−
09 may 2021
9045Kecha, 8 may kuni Afg‘oniston poytaxti Kobulda qator portlashlar yuz berdi. Oqibatda kamida 40 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, voqea shahar maktablaridan birida sodir bo‘lgan va vafot etganlarning asosiy qismini 11-15 yoshdagi o‘quvchi qizlar tashkil etgan.
Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, ushbu portlash oqibatida kamida 52 kishi jarohat olgan. Ularning ko‘pchiligi maktab o‘quvchilari.
Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani voqeani terakt (terrorchilik harakati) deb baholagan va bunda “Tolibon” harakatini ayblagan. Bunga javoban, “Tolibon” o‘zlarining portlashlarga aloqasi yo‘qligini aytib, voqeani qoralagan.
Hozircha hech kim portlashlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Eslatib o‘tamiz, may oyining boshida mamlakatning Logar viloyatida ham bomba portlashi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi va 60 ga yaqin odam jarohat oldi. Bu voqea Amerika koalitsiyasi qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi boshlangan kunning ertasiga sodir bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzolagandi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi.
Biroq, bu jarayon Amerika tomonidan kechiktirildi. 14 aprel kuni mamlakat Prezidenti Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlangani va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu davlatdagi harbiylarini 2021 yil 11 sentyabrga qadar olib chiqib ketadi. Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, o‘shandan beri “Tolibon” mamlakat bo‘ylab hujumlarni kuchaytirgan.
LiveBarchasi