BMT “Tolibon”ga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini yangiladi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik Kengashining sanksiyalar qo‘mitasi “Tolibon”ning bir qator yuqori lavozimli a’zolari va rasmiylarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar sifatida yangiladi. Bu haqda “Afghanistan International” xabar bedi.

Qayd etilishicha, ro‘yxatga “Tolibon” bosh vaziri Muhammad Hasan Oxund, uning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar hamda ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy kiritilgan.

Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, jami 22 nafar “Tolibon” vakili BMT tomonidan joriy etilgan sayohat taqiqi, mol-mulkni muzlatish va qurol-yarog‘ embargosiga duchor etilgan.
Sanksiyalar ro‘yxati 10 mart kuni yangilangan. Yangi ro‘yxatga ko‘ra, “Tolibon” hukumatidagi ko‘plab vazirlar va yuqori lavozimli shaxslar hanuzgacha BMT sanksiyalari ostida qolmoqda.

Sanksiya qo‘yilganlar orasida quyidagilar bor:

  • bosh vazir Muhammad Hasan Oxund;
  • iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar;
  • ma’muriy o‘rinbosar Abdul Salam Hanafi;
  • tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaki;
  • ichki ishlar vaziri Sirajuddin Haqqoniy;
  • qochqinlar va qaytish masalalari vaziri Abdul Kabir;
  • qishloq xo‘jaligi vaziri Abdul Latif Mansur;
  • transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri Fazl Muhammad Mazlum;
  • sobiq oliy ta’lim vaziri Abdul Baqi Haqqoniy;
  • iqtisodiyot vaziri Din Muhammad Hanif;
  • turizm bo‘yicha o‘rinbosar Qudratulloh Jamol;
  • tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi rahbari Nuriddin Turabiy;
  • jamoat ishlari vaziri Muhammad Iso Oxund;
  • shaharsozlik vaziri Najibulloh Haqqoniy;
  • haj va diniy ishlar vaziri Nur Muhammad Saqib;
  • razvedka xizmati rahbari Abdul Haq Vosiq;
  • Maydon Vardak viloyati gubernatori Xayrulloh Xayrxo‘a.

Shuningdek, Hamidulloh Oxund, Aziz-ur-Rahmon, Gul Og‘a Ishoqzay, Malik Nurzay va Ahmad Ziyo Og‘a kabi boshqa ayrim shaxslar ham sanksiyalar ro‘yxatida qolmoqda.

Buyuk Britaniya hukumati ham ushbu shaxslarga nisbatan o‘z sanksiyalarini saqlab qolgan. BMT yangilanishidan bir kun o‘tib, Britaniya o‘z ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqdi va ayrim “Tolibon” vakillarining Pokiston pasport ma’lumotlarini olib tashlagan.

Biroq, “Tolibon”ning rahbari Hibatulloh Oxundzoda nomi ro‘yxatda ko‘rsatilmagan. Uning kiritilmagan sababi hozircha aniq emas.

Mazkur shaxslar BMT Xavfsizlik Kengashining 1988-rezolyutsiyasi asosida sanksiyalangan. Ro‘yxatdagi shaxslar faqat Xavfsizlik Kengashining maxsus ruxsati bilan BMT a’zosi bo‘lgan davlatlarga safar qilishi mumkin.

Shuningdek, sanksiyalar zo‘ravonlik harakatlarida ishtirok etgan, qurol yetkazib bergan, jangarilarni yollagan yoki Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi faoliyatni qo‘llab-quvvatlagan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.

Joriy yilning 14 mart kuni BMT Xavfsizlik Kengashi “Tolibon” bo‘yicha sanksiyalarni kuzatuvchi guruh vakolatini yana bir yilga uzaytirishni bir ovozdan ma’qulladi. Qaror loyihasi AQSH tomonidan tayyorlangan.

So‘nggi 4 yildan ortiq vaqt davomida “Tolibon” sanksiyalarni bekor qilishni talab qilib kelmoqda. Biroq Afg‘onistonda ayrim terrorchi guruhlarning mavjudligi, ayollarga nisbatan cheklovlar hamda inklyuziv hukumatning yo‘qligi sababli Xavfsizlik Kengashi sanksiyalarni saqlab qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

sanktsiya Xavfsizlik Kengashi Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Tolibon”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing