KXSHT O‘zbekistonni o‘z mas’uliyatidagi davlat ekanini iddao qildi
Olam
−
06 iyul 2022
36802Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti O‘zbekistondagi vaziyat tufayli mintaqada murakkabliklarga duch kelmoqda. Bu haqda bugun, 6 iyul kuni KXSHT kotibiyati vakili Aleksandr Kuznetsov "Infoforum - Sochi" IX Janubiy axborot xavfsizligi forumida ma’lum qildi.
Kuznetsov so‘zi avvalida O‘zbekiston KXSHTga a’zo bo‘lmasa-da, tashkilotni O‘zbekiston ichidagi voqealarga mas’uliyatli organ ekani haqidagi iddaoni aytishdan boshladi.
"O‘zbekiston KXSHT mas’uliyati bo‘lgan mintaqalardan biriga kirdi. [Voqealarning] rivojlanish prognozi olib borilmoqda, bularning barchasi o‘ta beqaror bo‘lsa-da, asoratlar kutilayotgani aytiladi. Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston o‘rtasida muzokaralar olib borilayotganidan xabaringiz bor. Bilasizki, oradan ikki kun o‘tib, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston o‘rtasida [voqea bo‘yicha] muzokaralar bo‘lib o‘tdi, Rossiya Federatsiyasi qo‘llab-quvvatladi. Bularning barchasi, albatta, KXSHTning nizom organlari doirasida ko‘rib chiqiladi va bunga ham munosabat bildiriladi", deydi Kuznetsov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, KXSHTning barcha a’zolariga umumiy ta’sir, xususan, “vaziyat murakkablashib borayotgan” axborot muhiti orqali amalga oshirilmoqda.
“Ko‘pchilik davlatlar allaqachon ta’sirning turli shakllari bilan shug‘ullanuvchi (axborot muhitida – tahr.) harbiy tuzilmalarni yaratgan”, deydi Kuznetsov.
KXSHT kotibiyati vakiliga ko‘ra, O‘zbekistonda sodir bo‘lgan voqealarda xorijiy davlatlar vakillarining ishtirokini kuzatish mumkin.
[O‘zbekiston] konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishga urinishlar natijasida sodir bo‘lgan voqealar ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunda nafaqat ushbu mamlakat rezidentlari, balki ushbu vaziyatning salbiy rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan boshqa davlatlar vakillari ham ishtirok etishi aniq”, deydi Kuznetsov.
KXSHT va O‘zbekiston
Kollektiv Xavfsizlik to‘g‘risidagi Shartnoma (KXSH) “Toshkent pakti yoki Toshkent shartnomasi” – a’zo davlatlar joylashgan mintaqalarda tinchlik va barqarorlikni, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ushbu davlatlar mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini kollektivlik asosida himoya qilish shiori bilan SSSR parchalangach, asosan Rossiyaning tashabbuskorligida 1992 yil 15 may kuni tuzilgan xalqaro mintaqaviy harbiy-siyosiy tashkilot. Tashkilotning oliy organi Kollektiv xavfsizlik kengashi sanalib, ushbu kengash tashkilotning Bosh kotibini tayinlaydi.
Bu tashkilotga dastlab O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va Rossiya qo‘shilgan. 1993 yilda Ozarbayjon, Gruziya va Belarus tashkilotga a’zo bo‘lgan.
Kollektiv Xavfsizlik tashkiloti shartnomasi 1994 yil 20 apreldan boshlab kuchga kirdi. Imzolangan shartnoma besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uni uzaytirish ham mumkin edi. 1999 yilda Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi va KXSHT a’zoligidan chiqdi. Biroq oradan yana 7 yil o‘tib, 2007 yil o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi oldidan 2006 yil Toshkent tashkilotga qayta qo‘shildi va 2012 yilda chiqib ketdi.
LiveBarchasi