KXSHT xavfsizlik kafolati sifatida o‘z ahamiyatini namoyon qilmoqda – To‘qayev

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) ishtirokchi davlatlar uchun xavfsizlik kafolati sifatidagi o‘z ahamiyatini namoyon etayotganini ta’kidladi. Bu haqda u bugun, 28 noyabr kuni Ostona shahrida o‘tayotgan KXSHT sammitida so‘z ochdi.

“Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Yevrosiyoning ulkan hududida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning asosiy tuzilmasiga aylandi. Hozirgi zamon tahdidlari sharoitida KXSHT barcha ishtirokchi davlatlar uchun xavfsizlik kafolati sifatida o‘z ahamiyatini doimiy ravishda namoyon qilib kelmoqda”, dedi To‘qayev.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, davlatlarning o‘zaro muvofiqlashgan harakatlari, ishonch va qo‘llab-quvvatlash munosabatlari eng murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal qilishda jamoaviy qobiliyatni mustahkamlamoqda.

“Shuni alohida ta’kidlash kerakki, KXSHT nafaqat harbiy hamkorlik, balki suverenitet va davlatlarimiz hududiy yaxlitligini himoya qilish yo‘lida bizning kuch va resurslarimizni birlashtiruvchi noyob mexanizmdir”, dedi Qozog‘iston Prezidenti.

Qayd etilish joiz, 2022 yilgi yanvar voqealari fonida KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi Qozog‘istondagi vaziyatni normallashtirish uchun mamlakatga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qilgandi.

KXSHTning bugungi sammitida qatnashmayotgan Armaniston esa tashkilotning ikki davlati 2020 yilda Qorabog‘dagi harbiy amaliyotlar vaqtida Yerevanga emas, Bakuga yordam berganini da’vo qilib keladi.

Ma’lumot uchun, KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi sessiyasi bugun, 28 noyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida qatnashmasligi xabar qilingan edi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 2024 yil fevral oyida mamlakatning KXSHTdagi ishtiroki muzlatilganini e’lon qilgandi. Mart oyida u agar Yerevan ittifoqdoshlarining Armaniston suveren hududi qayerda joylashgani va KXSHT mas’uliyat zonasi qayerda ekanligi haqidagi qarashlaridan qoniqmasa, ittifoqdan chiqishga ruxsat bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev KXShT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing