KXSHT Armaniston-Ozarbayjon to‘qnashuvi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi
Olam
−
13 Sentabr 2022
5407Bugun, 13 sentyabr kuni ozar-arman chegarasidagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan Armaniston so‘roviga ko‘ra Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Kollektiv xavfsizlik kengashining videokonferensaloqa shaklidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiya Prezidentining xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
“Armaniston tomonining iltimosiga ko‘ra, bugun soat 18:30da hozir vaqt kelishib olinmoqda, aniqki, KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashining videokonferensiya formatida yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Armanistonning Armaniston-Ozarbayjon chegarasida vaziyatning keskinlashuvi munosabati bo‘yicha so‘rovi sabab”, deydi Ushakov jurnalistlarga.
Seshanbaga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarbayjon chegarasida jangovar harakatlar boshlandi, tomonlar bir-birini vaziyatni keskinlashtirishda ayblamoqda.
Baku arman harbiylari Ozarbayjon qo‘shinlarining chegaradagi pozitsiyalarini o‘qqa tutgani, to‘qnashuv bo‘lganini ma’lum qildi.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Armaniston tinchlik jarayonini buzish niyatida ekanini ma’lum qildi. Har ikki tomon o‘z harbiylari orasida qurbonlar borligini ma’lum qildi.
Ertalab tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi