KXDRda avtoko‘rgazma bahonasida boy xaridorlar yashirincha tekshirilmoqda

Olam

image

Shimoliy Koreya rasmiylari Pxenyandagi yirik avtomobil ko‘rgazmasi niqobi ostida Ijtimoiy xavfsizlik vazirligiga mashina sotib olish istagida bo‘lgan potensial xaridorlarning moliyaviy manbalarini yashirincha tekshirishni topshirdi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Daily NK nashriga KXDR poytaxtidagi manba ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iyun oyi o‘rtalarida chiqarilgan direktivada Ijtimoiy xavfsizlik vazirligiga keng ko‘lamli avtomobil ko‘rgazma-savdosi munosabati bilan to‘liq ko‘maklashish va puxta tashkiliy ishlarni olib borish buyurilgan. Tadbir ikkita savdo kompaniyasi tomonidan o‘tkazilmoqda: ulardan biri Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga, ikkinchisi esa Milliy razvedka agentligiga bo‘ysunadi. Ilgari Davlat xavfsizlik vazirligi sifatida mashhur bo‘lgan ushbu idora KXDRning ichki xavfsizlik va kontrrazvedka bo‘yicha asosiy organi bo‘lib qolmoqda hamda davlat uchun valyuta tushumini ta’minlaydigan savdo firmalari tarmog‘ini nazorat qiladi.

Kuchishlatar tuzilmalarga xaridorlarni kuzatish buyurilgan. Asosiy bosqichi iyul oyiga rejalashtirilgan savdolar arafasida Xvason tumani xavfsizlik boshqarmasi avtosalon atrofida xavfsizlikni kuchaytirish hamda bo‘lajak xaridorlarning shaxsi va mablag‘lari manbasini yashirincha aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma olgan. Rasmiylar, aftidan, oldindan katta qiziqish va shov-shuv bo‘lishini sezib, vazirlikka kuzatuv choralarini tayyorlashni topshirgan.

Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘rgazmaga biriktirilgan kuchishlatar tuzilmalar xodimlari orasida norozilik kayfiyati tarqalgan. Xodimlar davlat tashkilotining pul undirish tadbirida shunchaki “eshik og‘asi” roliga tushirib qo‘yilganidan shikoyat qilgan. Shu bilan birga, ularning bir qismi tadbirni nazorat qilganliklari uchun norasmiy to‘lovlardan yoki bitimga ko‘z yumishni istovchi xaridorlarning poralaridan naf ko‘rishni pinhona umid qilmoqda.

Qayd etilishicha, KXDRda shakllanayotgan xususiy tadbirkorlar va badavlat savdogarlar sinfi – “tonchju”lar norasmiy yoki noqonuniy kanallar orqali to‘plagan valyutalari sababli juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda: ular xarid amalga oshirilsa, pullarining kelib chiqishi haqida savollar tug‘ilishidan xavfsiramoqda.

Manbaning aytishicha, ko‘rgazmaning o‘zi oddiy avtosalon emas, balki yuqori lavozimli amaldorlar va “tonchju”lar qo‘lidagi valyutani tortib olish, shu bilan birga, ilgari norasmiy bo‘lgan avtomobillarni taqsimlash bozorini davlat nazorati ostiga o‘tkazish maqsadini ko‘zlagan keng ko‘lamli aksiyadir.

Ko‘rgazma joriy yilning 19–28 iyun kunlari Pxenyanning Xvason tumanidagi avtosalonda bo‘lib o‘tgan. Yangi import qilingan mashinalar qatorida Xitoyning Zeekr 7X elektromobili, shuningdek, minilgan lyuks toifasidagi avtomobillar bor. Rasmiylar oldindan buyurtmalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tadbirning o‘zida qabul qilgan, savdolarni esa iyul oyida boshlamoqchi. Milliy razvedka agentligining savdo kompaniyalari yangi va minilgan hashamatli mashinalar partiyasini allaqachon chegaradan o‘tkazib bo‘lgan.

Iyul oyidan boshlab nashr manbasi avtomobil atrofidagi bozorning shiddat bilan kengayishini kutmoqda – Pxenyanning asosiy nuqtalarida, markazi Xvason tumanida bo‘lgan ehtiyot qismlar yetkazib berish va ta’mirlash saloni tarmoqlari ochiladi.

Daily NK yozishicha, kun kechirish uchun zo‘rg‘a mablag‘ topayotgan oddiy shimoliy koreyaliklar uchun narxi o‘n minglab dollar turadigan avtomobillar mavjud bo‘lgan avtosalon mutlaqo erishib bo‘lmas narsadir. Ko‘rgazma va bo‘lajak savdolar faqat imtiyozli hamda boy qatlam uchun mo‘ljallangan voqea sifatida qabul qilinmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing