KXDR yon bergan Trampga 10 ta raketa otib “minnatdorlik bildirdi”
Olam
−
20 avgust 2774 2 daqiqa
Shimoliy Koreya bugun, 20 avgust kuni 10 ga yaqin qisqa masofali ballistik raketani Sharqiy dengiz tomon uchirdi. Raketa sinovlari AQSH Prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirishga ko‘rsatma berganidan bir kun o‘tib amalga oshirildi. Bu haqda “The Guardian“ xabar berdi.
Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, raketalar Pxenyan hududidan soat 17:00 atrofida uchirilgan va Shimoliy Koreyaning sharqiy suvlariga yo‘nalgan. Raketalar taxminan 300 kilometr masofani bosib o‘tgan.
Janubiy Koreya harbiylari kuzatuv ishlarini kuchaytirganini hamda raketa uchirilishi yuzasidan AQSH va Yaponiya bilan ma’lumot almashinayotganini bildirgan.
Avvalroq, Tramp Pentagonga mashg‘ulotlar ko‘lamini “sezilarli darajada qisqartirish“ bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shundan so‘ng, AQSH va Janubiy Koreya 11 kunlik harbiy mashg‘ulotlarini 5 kunga qisqartirishga qaror qilgandi. Natijada mashg‘ulotlar rejalashtirilganidan olti kun oldin, ertaga, 21 avgust kuni yakunlanadi.
Shimoliy Koreya yetakchisining nufuzli singlisi Kim Yo Chjon kecha, 19 avgust kuni Trampning bayonotini rad etib, bu haqda izoh berishga arzimasligini aytgan.
“Mashqlarning davomiyligi va hajmi qisqartirilganiga qaramay, ularning provokatsion, tajovuzkor tabiati o‘zgarmaydi. Agar AQSH o‘zining so‘nggi chorasini “yaxshi niyat” deb atash mumkin deb hisoblasa, ular kerakli javobni olmaydilar”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp KXDR rahbari Kim Chen In bilan yaxshi munosabatda ekanini aytib maqtangandi.
Live
Barchasi