KXDR Yapon dengizi tomon ikkita ballistik raketa uchirdi
Olam
−
15 Sentabr 2021
7023Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bugun, 15 sentyabr kuni bir necha daqiqalik farq bilan Yapon dengizi tomon ikkita raketa uchirdi. Bu haqda Yaponiya Qirg‘oq qo‘riqlash xizmatiga tayanib xabar berilgan.
Qayd etilishicha, uchirishlar orasidagi interval taxminan besh daqiqa bo‘lgan. Harbiylar xulosasiga ko‘ra, raketalar, ehtimol, Yaponiya hududiy suvlari va iqtisodiy zonasidan tashqariga qulagan. Xuddi shunday dastlabki baho hukumat tomonidan ham berilgan va u ayni paytda olingan ma’lumotlar tahlil qilinayotganini ta’kidlagan.
“Bu mamlakatimiz va mintaqamizning barqarorligi va xavfsizligiga tahdid soladigan shafqatsiz harakat”, degan Yaponiya Bosh vaziri Yoshihide Suga.
U bugunning o‘zidayoq Milliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirib, hozirgi vaziyatni muhokama qilishini e’lon qilgan.
Bosh vazir, shuningdek KXDRning raketa uchirishini “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining amaldagi rezolyutsiyalarini buzish” deb atagan hamda Tokio Pxenyanning harakatlariga keskin e’tiroz bildirishini ta’kidlagan.
Suga barcha tegishli vazirlik va idoralarga mahalliy aholini KXDRning yangi raketa uchirishi bilan bog‘liq barcha tafsilotlar to‘g‘risida tez va aniq xabardor qilishni buyurgan. U, shuningdek uchish maydonidagi barcha kemalar va fuqaro samolyotlarining xavfsizligini ta’minlashga buyruq bergan.
Yaponiya Mudofaa vazirligi ham raketa uchirilgani haqidagi faktni tasdiqlagan. Vazirlik Pxenyanning harakatlarini butun xalqaro hamjamiyat, jumladan Yaponiya uchun jiddiy muammo deb atagan.
Avvalroq, KXDR uzoq masofaga uchuvchi yangi qanotli raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida xabar bergandik.
LiveBarchasi