KXDR yadroviy arsenalini tezkor sur’atlarda kengaytirmoqchi
Olam
−
19 avgust 4619 2 daqiqa
Shimoliy Koreya o‘z yadroviy arsenalini tezkor sur’atlarda kengaytirishi lozim. Bu haqda bugun, 19 avgust kuni mamlakat yetakchisi Kim Chen In Harbiy-dengiz kuchlari esminetsiga tashrifi chog‘ida so‘z ochdi.
“Kim Chen Inning aytishicha, davlatimiz xavfsizligi har kuni tobora jiddiylashib bormoqda va vujudga kelgan vaziyat bizdan mavjud harbiy nazariya va amaliyotda tub va shiddatli o‘zgarishlarni amalga oshirishni, shuningdek, yadroviy qurollanishni keskin kengaytirishni talab etmoqda”, deb yozadi Markaziy telegraf agentligi.
Ma’lumot uchun, shu kunlarda Janubiy Koreya va AQSH yillik “Ulchi Freedom Shield” qo‘shma mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda. Ikki mamlakat rasmiylarining aytishicha, bu mashqlar mudofaa xarakteriga ega, biroq Pxenyan ularni doimiy ravishda bosqinchilik mashg‘uloti sifatida talqin qiladi. Xususan, Kim Chen In AQSH va Janubiy Koreya o‘tkazayotgan harbiy mashg‘ulotlarni “urush qo‘zg‘atishga bo‘lgan ochiq-oydin istakning ifodasi” deb atagan.
Bundan tashqari, oldinroq Janubiy Koreya harbiylari 40 ta dala mashg‘ulotidan 20 tasini joriy yilning sentyabriga ko‘chirishini e’lon qilgan. Bu qaror ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish maqsadida qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan munosabatlarni yaxshilash niyati yo‘qligini konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘limi rahbar o‘rinbosari, KXDR yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjonga ko‘ra, KXDR Janubiy Koreyani “dunyodagi eng dushmanona davlat” deb biladi va munosabatlarni yaxshilashga umid qilish “cho‘lda gullar ochilishiga umid qilish” bilan barobar.
Live
Barchasi