KXDR Rossiyaga shifokorlarni yubormoqda

Olam

image

Rossiya kardiologiya va onkologiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha Moskvadagi yetakchi tibbiyot markazlarida stajirovka o‘tashi uchun shimoliy koreyalik shifokorlarni qabul qilmoqda. Bu haqda “The Korea Times” nashri xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi elchisi Aleksandr Matsegora KXDR Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Chon Sol Ren bilan uchrashgan. Ikki mamlakat Shimoliy Koreya farmatsevtika sohasini modernizatsiya qilishda Rossiya tomonidan yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 

Xususan, zamonaviy antibiotiklar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilinadi. Shuningdek, Shimoliy Koreyada yangi tibbiyot muassasalarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilingan. Chon Rossiya tomoni bilan Shimoliy Koreyadagi ba’zi tibbiyot yutuqlari bilan bo‘lishishga tayyor ekanini bildirgan.

Bildirilishicha, ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalar tobora faollashmoqda. 2023 yil kuzida Rossiyada Pyongyangdagi “Pugang” farmatsevtika zavodining vakolatxonasi ochilgan. Shundan so‘ng KXDRda ishlab chiqarilgan biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) rasman marketpleyslarda sotuvga chiqarilgan.

Masalan, “Kumdan-2” deb ataluvchi preparat – “olti yillik keson jensheni” asosidagi in’eksion zardob bo‘lib, u nodir yer moddalariga boy tuproqda yetishtirilishi aytiladi. Sotuvchilar ushbu preparatni yoshartirish, to‘qimalarni qayta tiklash va immunitetni oshirish xususiyatiga ega, deb ta’riflamoqda. Uning uch qutisining narxi 7 ming rublgacha (taxminan 1 mln so‘m) yetadi.

Rossiyaning mahalliy nashrlaridan biri ushbu kompaniya raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, preparatning salomatlik uchun xatarli-xatarsizligi haqida so‘ragan. Kompaniya vakili: “O‘z joningiz hisobiga foydalaning. Men shifokor emasman. Zavodning o‘zi nojo‘ya ta’sirlarni noaniq tasvirlaydi”, deb javob bergan.

Nashr so‘rovnomasida ishtirok etgan rossiyalik farmatsevtlar bu kabi koreyscha BFQlar haqida hech qachon eshitmaganini bildirgan. Yevropalik dorixona mutaxassislari esa bu dori vositalarini aksililmiy, deb atashgan. Janubiy Koreyada o‘tkazilgan ekspertiza natijasida, ampulalar faqat og‘riq qoldiruvchi prokayn (novokain) moddasini o‘z ichiga olishi aniqlangan. Undan boshqa moddalar aniqlanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya KXDR

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing