KXDR pandemiya bilan bog‘liq “katta inqiroz” haqida e’lon qildi. Xitoy esa yordamga tayyor
Olam
−
30 iyun 2021
7753Koreya Xalq Demokratik Respublikasi rahbari Kim Chen In koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq “katta inqiroz” haqida e’lon qildi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, Shimoliy Koreya rahbari epidemiyaga qarshi kurasha olmagan yuqori lavozimli amaldorlarni jazolagan. Shu bilan birga, Kim Chen In aytib o‘tgan inqiroz aynan nima bilan bog‘liqligi aniqlanmagan.
Shundan so‘ng, Xitoy, agar kerak bo‘lsa, Shimoliy Koreyaga epidemiyaga qarshi yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Van Venbin ta’kidlagan.
“Xitoy va KXDR do‘stona qo‘shnilar. Xitoy tomoni epidemiyaga qarshi kurashda Shimoliy Koreyaning ko‘rgan choralarini hurmat qiladi. Xitoy va KXDR azaldan bir-birlariga yordam berish va qiyin paytlarda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash kabi an’analarga ega”, degan Xitoy tomonining vakili.
Joriy yilning 16 iyun kuni Kim Chen In mamlakatda ocharchilik bo‘lishi mumkinligi haqida e’lon qilgandi. Shimoliy Koreya rahbarining aytishicha, o‘tgan yilgi to‘fon g‘alla yetishtirish rejasini amalga oshirishga xalaqit bergan. Shu sababli, mamlakatda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashda keskin vaziyat rivojlanmoqda.
LiveBarchasi