KQKA “Coca-cola”ning davlat ulushini sotish uchun tenderni to‘xtatmoqchi
Jamiyat
−
25 yanvar 2021
5369Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ ustav fondidagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarning amaldagi qonunchilik normalariga muvofiqligi va korrupsiya xatari mavjudligini tahlil qildi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan e’lon qilingan tender shartlariga kiritilgan bir qator talablar savdolarda qatnasha oladigan shaxslar doirasini keskin kisqartirishga hamda qator korrupsion omillarni keltirib chiqarishga sharoit yaratadi.
“Ushbu mezonlar o‘ta yuqori va asoslantirilmagan talablar hisoblanadi va savdolarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy ishtirokchilar sonini sun’iy cheklashga olib keladi”, deyiladi agentlik xabarida.
Ehtimoliy ishtirokchilar sonini keskin cheklash tender shartlarini bajara oluvchi kam sonli ishtirokchilar o‘rtasida haqiqiy raqobat bo‘lmasligiga va natijada davlat ulushiga past narx taklif etilishiga hamda buning oqibatida O‘zbekiston iqtisodiy manfaatlariga sezilarli darajada zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.
Agentlik tomonidan tegishli idoralarga mazkur Davlat komissiyasi tomonidan yetarli raqobatga imkoniyat mavjud emasligi sababli tender jarayonlarini to‘xtatish yoki tender savdolarida ishtirok etishga ko‘proq talabgorlarni jalb qilish hamda teng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarning xulosalari asosida tender shartlarini yumshatish bo‘yicha ishlarni olib borish zarurligi borasida tegishli idoralarga taqdimnoma kiritildi.
Avvalroq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi holatga izoh berib, kompaniyadagi davlat ulushini savdoga chiqarish uchun belgilangan talablarda kompaniya faoliyatini tartibga soluvchi ta’sis hujjatlari va boshqa ichki me’yoriy hujjatlar talablari, kompaniya faoliyatining o‘ziga xos jihatlari inobatga olinganini malum qilgandi.
Ma’lumot uchun, 2020 yil 16 dekabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytida O‘zbekistonda alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ (CCIU)ning 57,118 foizlik davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi elon qilingan.