“Kiyim bilan taqvodor bo‘linmaydi”. Muftiy O‘zbekistonda arablashayotgan o‘zbeklarni tanqid qildi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov ayollarning burqada yurishi bo‘yicha fikr bildirdi. Uning aytishicha, Islom dinida ma’lum bir forma qabul qilinmagan. Bu mumkin ham emas. 

“Kiyim kiyishda ham haddimizdan oshyapmiz. Qanaqadir ko‘rinish yoki kiyim bilan taqvodor bo‘linmaydi. Bizning mazhabimiz ayollarning yuzini berkitishga buyurmagan. Dinimizda kiyimni haddidan oshirmaslik, chiroyli qilib yurish tavsiya qilingan.
Bu bitta millatning, bitta iqlimga kelgan din emas. Jo‘g‘rofiy nuqtai nazardan issiq o‘lka Arabistonda, yoki butun umr yoz bo‘lmay, qish bo‘ladigan o‘lkada ham musulmon bor. Agar hamma bir xil kiyimda bo‘lsa, mashaqqat bo‘ladi musulmonga. Din bu mashaqqat emas, yengillikdir! Hatto Payg‘ambarimiz (s.a.v) ham “Olloh sizlarning ko‘rinishingizga, suratingizga, mol-u dunyoyingizga emas, taqvoyingizga, Undan qo‘rqishingizga qaraydi” deganlar. Ollohdan qo‘rqish va taqvo esa kiyim bilan o‘lchanmaydi”, dedi muftiy.

Shuningdek, Nuriddin Xoliqnazarov kiyim kiyish me’yorlari haqida gapirar ekan, har bir millatning o‘z an’analari va liboslari borligini uqtirgan.

“Arablar ham, turklar, Indoneziyadagi musulmonlar ham o‘ziga xos kiyimini kiyadi. Shuningdek, o‘zbeklar ham. Islom esa kiyimda ham me’yorni, xaddini o‘rgatadi. Xadni bilish, behayo kiyimni ham kiymaslik, yoki qop-qora kiyim kiyib ham arabcha bo‘lib olmaslik kerak. Bekitish kerak bo‘lmagan joylarni bekitish buyurilmagan, buni qilmaslik lozim. Bizning mazhabimizda ham ayollarning yuzini berkitishga buyurilmagan. Ayollar ma’lum bir kiyimni kiyishga ham buyurilmagan. Qora kiyish, yuzini berkitish, hatto qo‘liga qop-qora qilib qo‘lqob kiyib olish bizning hanafiy mazhabimizda ko‘rsatilmagan. Hozir shuni gapirsangiz, betaqvolikda ayblayaptilar. Qolaversa, o‘sha jamiyat ichida yurganlardan ortiqcha xatti-harakat qilish aksincha odamlarni o‘ziga jalb qiladi”, deya uqtirgan Shayx Nuriddin Xoliqnazarov.

Qolaversa, u hozirgi davrda o‘zbeklarning arablashib ketayotganini ham tanqid ostiga oldi.

“Islom dini kirib kelganda ajdodlarimiz Islom dinini qabul qildilar, arab bo‘lishni emas. Millat saqlanishi kerak. Olloh bizni turli millat qilib yaratdi. Taqlid qilib boshqa millat vakili boshqa bir millatga o‘tilmaydi. Mana shu an’ana asrlar bo‘yi davom etib keldi. Hozir esa bizda bir marta Umraga borib kelgan odam arabga aylanyapti. Musulmon odam o‘zining odobi va ahloqi bilan musulmondir”, deya mulohazalarini bildirgan u.

Bundan tashqari muftiy yigitlarga ham yuzlanib, soqollarini tartibga solib yurish joiz ekanini eslatdi.

Eslatib o‘tamiz, 5 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, qabul qilingandi. Unga ko‘ra, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llaniladi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Nuriddin Xoliqnazarov burqa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing