Italiyada burqa, niqob va paranji taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni rahbarlik qilayotgan “Italiya birodarlari” (Fratelli d’Italia, FDI) partiyasi parlamentga burqa, niqob va paranjini jamoat joylarida kiyishni taqiqlash hamda masjidlarni moliyalashtirish ustidan nazoratni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritdi. Bu haqda partiyaning rasmiy saytida xabar berildi.

FDI partiyasi deputatlari parlamentning quyi palatasi – Deputatlar palatasiga “Kamsitishga qarshi” nomli qonun loyihasini taqdim etgan. Hujjatda burqa, niqob va paranjini davlat muassasalari, maktablar va universitetlar kabi jamoat joylarida taqiqlash, masjidlar uchun xayriya va moliyalashtirishda shaffoflik qoidalarini joriy etish, shuningdek “majburiy nikoh” jinoyati uchun og‘irroq jazolar belgilash taklif etilgan. 

Qonun loyihasiga ko‘ra, paranji taqiqini buzgan shaxslar 300 dan 3000 yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. Joriy yilning yanvar oyida Meloni koalitsiyasidagi o‘ta o‘ng “Liga” partiyasi ham jamoat joylarida “yuzni to‘sadigan” kiyim – burqa va paranjiga taqiq qo‘yuvchi qonun loyihasini parlamentga kiritgan. Biroq uning ko‘lami FDI taklifiga nisbatan torroq bo‘lgan.

Hozirda “Liga” partiyasi loyihasi parlamentning tegishli qo‘mitasida ko‘rib chiqilmoqda, ammo u FDI loyihasi bilan birlashtiriladimi yo‘qmi noma’lum. Qonun loyihalarining parlamentda muhokama qilish sanasi hali belgilanmagan, biroq hukumatdagi o‘ng partiyalar ko‘pchiligi tufayli ularning qabul qilinish ehtimoli yuqori ekani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstriya Yoshlar va oila ishlari bo‘yicha vaziri Klaudiya Plakolm Avstriya matbuot agentligiga bergan intervyusida mamlakatda 14 yoshgacha bo‘lgan va maktabda tahsil olayotgan o‘quvchi qizlarga hijob o‘rash taqiqlanishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Italiya niqob burqa paranji

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing